[CES 2026] Kundalik hayotni yengillashtiruvchi uy hamrohi
Uy yumushlaridan xalos boʻlgan xonadon qanaqa boʻladi? The First Look 2026 tadbirida Samsung Electronics “Uy hamrohi” (Home Companion) zonasida maishiy texnikani foydalanuvchilar bilan muloqot qiluvchi va yumushlari yoʻq uy turmush tarzini yaratishga yordam beruvchi interaktiv hamkorlar sifatida qayta taʼrifladi.
Samsung Newsroom AI’ga asoslangan texnika ekotizimi qanday qilib aqlliroq va bir maromdagi kundalik hayotni taqdim etishini oʻzi sinab koʻrdi.
Kundalik hayotni osonlashtirish: koʻra oladigan, eshita oladigan va taklif bera oladigan qurilmalar

▲ “Uy hamrohi” zonasining koʻrinishi
Koʻrgazmaga kiraverishda oʻzaro bogʻlangan AI qurilmalari aqlli ulanuvchanlik uy sharoitida kundalik hayotni qanday qoʻllab-quvvatlashi mumkinligini namoyish etdi. CES Innovation Awards 2026 sovrindori boʻlgan Bespoke AI Refrigerator Family Hub oʻz ekranida jadvallar va faollik haqidagi shaxsiylashtirilgan umumiy maʼlumot — Now Brief’ni namoyish qildi. FoodNote ovqatlanish tartibini tahlil qilib, foydalanuvchilarga oziq-ovqat xaridi boʻyicha toʻgʻri qaror qabul qilishda yordam berish uchun retseptlarni tavsiya qildi.

▲ Ovozli buyruq namoyishi
Bespoke AI Jet Bot Steam Ultra robot changyutkichlari tozalashni boshlashdan oldin ichki kameralari yordamida atrof-muhitni baholaydi, foydalanuvchilar esa Bixby’ga savollar berib, jonli ravishda javoblarni olishdi. Bu koʻruvchi, eshituvchi va taklif beruvchi qurilmalar uy ishlarini bajarish tartibini qanday oʻzgartirayotganini yaqqol koʻrsatib berdi.
AI bilan boyitilgan oshxonalar: oziq-ovqat markazida AI
AI Kitchen zonasida Samsung bir qator maishiy texnikalarni, jumladan, Bespoke AI Refrigerator Family Hub, Bespoke Double Wall Oven, Bespoke AI 3-Door AutoView French Door Refrigerator va Bespoke AI Wine Cellar’ni namoyish etdi. Ushbu qator takomillashtirilgan AI Vision orqali oʻzgacha ovqatlanish imkoniyatlarini taqdim etdi. Bunda Google Gemini Bespoke AI Refrigerator Family Hub’ga integratsiya qilindi. Bu maishiy texnikadagi ilk shunday integratsiyadir.
Tashrif buyuruvchilar Bespoke AI Refrigerator Family Hub’dagi AI Vision sovitkichga mahsulotlar solinganda yoki olinganda keng turdagi oziq-ovqatlar qanday aniqlanib olishiga guvoh boʻlishdi.

▲ AI Food Manager
Ushbu imkoniyatga tayangan holda takomillashtirilgan AI Food Manager masalliqlarni boshqarish va xaridlarni rejalashtirishni qoʻllab-quvvatlaydi, retseptlar tavsiya qiladi hamda foydalanuvchilarga oziq-ovqatdan samaraliroq foydalanishga yordam beruvchi hisobotlarni tuzish uchun sovitkichdan foydalanish tartibini tahlil qiladi.
Mehmonlar sovitkichga masalliqlarni joylashtirish va olish orqali ichki kameraning AI Vision funksiyalarini sinovdan oʻtkazdilar va bu texnologiya qanday ishlashini amalda koʻrdilar. Shuningdek, ular qoʻllarsiz ovozli buyruq yordamida sovitkich eshiklarini ochib yopish — Auto Door’ni sinab koʻrishga taklif qilindi.

▲ Bespoke AI Refrigerator Family Hub
▲ AI Food Manager’ning video namoyishi
Vino saqlash uchun SmartThings asosidagi AI Wine Manager vino shishasi yorliqlarini aniqlaydi, jonli ravishda saqlash joylarini yangilab turadi va vinoning nomi, toifasi, navi va yili kabi batafsil maʼlumotlarni kuzatib boradi.

▲ AI Wine Manager
Samsung’ning ilgʻor AI Hybrid Cooling texnologiyasi tashrif buyuruvchilar eʼtiborini tortdi, chunki bu qurilmadan foydalanish tartibini aniqlab, sovitish usullarini jonli ravishda moslashtiruvchi dunyodagi birinchi tizimdir. AI Inverter Compressor va Peltier elementini oʻzida birlashtirgan ikki quvvatli tuzilmaga asoslangan tizim har bir quvvat manbayini alohida yoki kerak boʻlganda birgalikda ishlatadi. Bu energiya sarfini kamaytirib, sovitish samaradorligini maksimal darajaga koʻtaradi.

▲ AI Hybrid Cooling
AI bilan optimallashtirilgan uy parvarishi: kundalik aqlli tozalash
“Uy hamrohi” konsepsiyasi kiyim-kechak parvarishi va tozalash ishlariga ham taalluqlidir. Yuvish va quritishdan tortib kundalik tozalashgacha qurilmalar sharoitni mustaqil baholaydi va shunga mos ravishda ishlaydi, bu esa kundalik uy yumushlarini kamaytirishga yordam beradi.
Bespoke AI Laundry Combo asosiy issiqlik almashuvchi bilan bir qatorda qoʻshimcha kuchaytiruvchi issiqlik almashuvchiga ega boʻlib, u namlikni yoʻqotishni 15 foizgacha yaxshilaydi va qizib ketishning oldini olgan holda 20 kilogrammgacha quritish sigʻimini taʼminlaydi.

▲ Bespoke AI Laundry
AI Wash+ yuk ogʻirligi, mato turi va ifloslanish darajasini aniqlab, suv va yuvish vositasi miqdorini, yuvish intensivligini, shuningdek, quritish harorati va vaqtini avtomatik ravishda belgilaydi. AI VRT+ pol turini tahlil qilish va kir yuvish mashinasi tebranishini kamaytirish uchun AI’dan foydalanadi, bu esa tinchroq kir yuvish muhitini yaratishga yordam beradi.

▲ David Watkins
“Kir yuvish men uchun haqiqatan ham yoqimsiz ish. Bespoke AI Combo bu jarayonni ancha soddalashtiradiganga oʻxshaydi. Bu juda foydali boʻlardi, — dedi fransiyalik sanoat tahlilchisi David Watkins. — Menimcha, yumushlari yoʻq uyga erishishning eng katta afzalligi — bu tejalgan vaqtdir”.
Kiyim-kechak parvarishi qurilmalarning uzluksiz oʻzaro ulanuvchanligi tufayli yanada takomillashtirilgan. Bespoke AI Combo’da maxsus bluzka sikli tanlanganda yuvishdan keyingi parvarishga oʻtish uchun avtomatik ravishda Bespoke AI AirDresser bilan sinxronlashtiriladi.
Bundan tashqari, gʻijimlarga qarshi parvarish funksiyasi qisqa vaqt ichida gʻijimlarni yoʻqotish uchun kuchli havo oqimi va yuqori haroratli bugʻdan foydalanadi.

▲ Bespoke AI AirDresser va Bespoke AI Laundry Duo
Tozalash qurilmalari qatori oʻzining kuchaytirilgan ishlash samaradorligi bilan tashrif buyuruvchilarni hayratda qoldirdi. Samsung oʻzining simsiz vertikal changyutkichlari boʻlgan dunyodagi eng kuchli soʻrish quvvatiga ega Bespoke AI Jet Ultra’ni hamda shu kunga qadar eng yengil model boʻlgan, yaqinda chiqarilgan Jet Fit’ni namoyish etdi.

▲ Bespoke AI Jet Ultra, Bespoke AI Jet Lite va Jet Fit
Bespoke AI Jet Bot Steam Ultra mebel, kabellar va hatto rangli yoki shaffof suyuqliklarni aqlli ravishda aniqlashda AI obyekt va suyuqlikni aniqlash tizimidan foydalanadi va foydalanuvchi sozlamalariga qarab ularni tozalaydi yoki aylanib oʻtadi. EasyPass Wheel gʻildiragi esa robot changyutkichga eshik ostonalari va 60 millimetrgacha boʻlgan gilamchalar ustidan osongina oʻtish imkonini beradi, yon choʻtkalar va pol artish lattasi esa burchaklar va devorlar boʻylab tozalaydi.

▲ Bespoke AI Jet Bot Steam Ultra
10 vattgacha soʻrish quvvati va Qualcomm Dragonwing™ AI chipseti bilan quvvatlangan changyutkich pollardagi chang va chiqindilarni tozalaydi, pol artish lattalarini yuqori haroratda yuvadi va ularni 100 gradus issiqlikdagi bugʻ bilan zararsizlantiradi. Bu hidlarni kamaytirishga hamda toza va gigiyenik uy muhitini saqlashga yordam beradi.

▲ Vacuum quvvati namoyishi

▲ Vanessa Katherina Morales Gurrero
“Mening uchta itim bor va ularning yungi hamma joyga toʻkiladi, — dedi Panamalik raqamli kontent yaratuvchisi Vanessa Katherina Morales Gurrero. — Robot changyutkich mening eng yaqin doʻstimga aylanishiga shubham yoʻq”.
Chidamlilik va ishonchlilik: uzoq xizmat qilish uchun yaratilgan
Maishiy texnika uzoq muddatli hamroh boʻlishi uchun uning ishlash samaradorligi chidamlilik bilan hamohang boʻlishi kerak. Oʻtgan 50 yil davomida Samsung samaradorlik va chidamlilikni oshirish hamda mahsulotning xizmat qilish muddatini uzaytirish maqsadida asosiy ehtiyot qismlar dizaynini takomillashtirdi va yarim milliarddan ortiq kompressor va motorlar ishlab chiqardi.
Dasturiy taʼminot qoʻllab-quvvatlovi ham xuddi shunday mustahkam. Yetti yilgacha dasturiy yangilanishlar bilan foydalanuvchilar yangi funksiyalardan, shuningdek, qurilma ulanishi, xavfsizlik va foydalanuvchi interfeysidagi doimiy yaxshilanishlardan bahramand boʻlishadi. Samsung 2017-yilda foydalanuvchilarga oʻz texnikalarini yangilash va boshqarish imkonini berish uchun Home Appliances Remote Management (HRC) tizimini joriy etgan edi. Tashrif buyuruvchilarga uning yangi AI versiyasi tanishtirildi: u ishlash jarayoni va foydalanishni faol kuzatib boradi hamda muammolar paydo boʻlishidan oldin profilaktik choralarni tavsiya qiladi.
Uy yumushlaridan ozod boʻlish gʻoyasi asosida yaratilgan Samsung’ning “Uy hamrohi” zonasi AI imkoniyatlari hamda kamera, ekran va ovozga asoslangan form faktorlar maishiy texnikaning kundalik hayotdagi rolini qanday kengaytirayotganini namoyish etdi. Samsung haqiqatan ham koʻruvchi, eshituvchi va taklif beruvchi qurilmalar yaratiladigan kelajak sari intilmoqda.
Agar siz mijoz bo‘lsangiz, iltimos, quyidagi sahifaga o‘ting: samsung.com
OAV va media uchun: sh.khalilova@partner.samsung.com