[Dizayn hikoyasi] Ritmingizni ramkaga soling: Samsung Music Frame audio-tizimi

07/06/2024
Share open/close
Havola nusxalandi.

 

“Innovatsion dizayn loyihalarini ommaviy ishlab chiqarishga olib kirish koʻp bosqichli jarayon boʻlib, u takroriy izlanuv va qayta-qayta sinovdan oʻtkazishni oʻz ichiga oladi. Music Frame loyihasi 2021-yilning yozidan buyon dizayn, ishlab chiqish va CX jamoalarimiz oʻrtasida ijobiy energiya va ishtiyoqli hamkorlikning choʻqqisi boʻlib keldi”.

— Samsung Electronics kompaniyasining Visual Display Business, dizayn guruhi rahbari Chulyong Cho

 

Kelajakni bugundan loyihalash

 

Samsung Electronics ochilmagan imkoniyatlarni izlayotgan istiqbolli boʻlimlarga mezbondir. Oʻz nomiga sodiq qolgan holda, Visual Display Business’ning Future Experience Design guruhi ushbu gʻoyalarni innovatsion mahsulotlarga aylantirishdan oldin bozorda foydalanuvchilarga yetishmayotgan yangicha his-tuygʻu bagʻishlovchi jihoz konsepsiyalarini faol ravishda ishlab chiqishadi.

 

Biroq yangicha mahsulotni ishlab chiqarish oson ish emas. Dastlabki konsepsiya taklif qilingach, oldinda bizni hali uzoq yoʻl kutadi — ommaviy ishlab chiqarish uchun loyihalash va boshqa boʻlimlar bilan hamkorlik qilishdan to bozorda talabgorlikni oshirish va mahsulotning texnik jihatlarini takomillashtirish shularning jumlasidan. Soʻnmas ishtiyoq va innovatsiyalar natijasi Music Frame audio-tizimi va uning dizayn hikoyasini vujudga keltirdi.

 

* Kontent tasvirlari faqat namoyish maqsadlarida koʻrsatilgan va isteʼmoldagi mahsulotdan farq qilishi mumkin. Mahsulot xususiyatlari mamlakat, mintaqa va modelga qarab farq qilishi mumkin.

 

Boʻsh joylarga pardoz berish

 

 

Sizning turmush tarzingizdan ilhomlangan holda

 

Isteʼmolchilar endilikda faqat funksional mahsulotlarni sotib olishning oʻrniga, turar joylariga tabiiy uygʻunlashib ketadigan mahsulotlarni afzal koʻrishmoqda. Shu maqsadda Samsung The Serif, The Frame va The Sero kabi turmush tarziga mos televizorlarni taqdim etdi. Televizorlar koʻpincha xonada oʻchiq turadi. Bu mahsulotlar esa qora ekranni koʻrsatishning oʻrniga yoqimli dizayn hissini taratuvchi Ambient yoki Art rejimiga oʻtadi.

 

Audioni ramkadagi rasm koʻrinishida yetkazib beradigan Music Frame ushbu yondashuvning kengaytmasi hisoblanadi. Ovozni kuchaytirish uchun moʻljallangan anʼanaviy karnaylardan ajralib turadigan Music Frame va uning konsepsiyasi foydalanuvchining turmush tarzi va turarjoyini birinchi oʻringa qoʻyadi. Rasm ramkalari har qanday joyga osish mumkin boʻlgan tanish mebel boʻlib, u namoyish etilayotgan surat turiga qarab har bir shaxsning didi va uning shaxsiyatini aks ettirishi mumkin. Music Frame oddiy rasm ramkalaridan ilhom olgan boʻlib, foydalanuvchilarga sevimli rasmlarini tomosha bilan qadrlash va bir vaqtda musiqa tinglash imkonini beradi.

 

Innovatsiyaga hayot ato etish

 

Ishlab chiqish va CX guruhlari bilan hamkorlikda Samsung dizaynerlari yuqori sifatli ovozni taqdim etuvchi amaliy prototipni yaratdilar va sinovdan oʻtkazdilar. Ular keng koʻlamli sinovlardan soʻng foydalanuvchilardan ijobiy javoblar oldi, bu esa mahsulotning akustik tizimi va umumiy konsepsiyasiga boʻlgan ishonchni mustahkamladi. Natijada gʻoyaning dastlabki dizayni saqlanib qoldi va ommaviy ishlab chiqarish bosqichiga oʻtdi.

 

Dekoratsiya va audio oʻrtasidagi ayirmani bartaraf etish

 

 

Nomaʼlum tovushni maʼlum shaklga keltirib

 

Music Frame audioni oʻzida mujassam etadi, shu sababli Samsung odamlarning yuqori sifatli musiqa tinglashdan zavqlanishini eʼtibordan chetda qoldirolmaydi. Anʼanaviy, uzunchoq saundbarlarga nisbatan bu mahsulotning oʻziga xos form-faktorini hisobga olgan holda dizaynerlar akustika tizimini boshidanoq mukammal qilish uchun ovoz prodyuserlari guruhi bilan yaqindan hamkorlik qildilar. Ovozni yengil chiqarish uchun karnaylarning old tomonida odatda mato, panjara yoki boshqa materiallar boʻladi. Ovoz prodyuserlari guruhi bilan birgalikda dizaynerlar Music Frame uchun ramka va panel orasidagi boʻshliq orqali ovozni kuchaytirish yoʻlini topdilar. Shu tarzda audio mahsulotlarda kamdan kam uchraydigan dizayn yaratildi. Natija, deysizmi? Old tomoni material bilan qoplanmagan ramka shaklidagi karnay vujudga keldi.

 

Ramkaning shakli tufayli ramka chetlari va panel orasidagi boʻshliq muhim edi, chunki bu qism yuqori va oʻrta balandlikdagi tovushlarni chiqaradi. Dizayn va ovoz sifati boʻyicha optimal oʻlchamdagi boʻshliqni topish uchun son-sanoqsiz sinovlardan soʻng jamoa 9 mm boʻshliq qoldirishga qaror qilishdi. Dizaynerlar ishlab chiquvchilar bilan birga ishlab, bass uchun masʼul boʻlgan orqa vufer karnaydan tebranishlar chiqib, devorga rasm ramkasi kabi osilganida shovqin yaratmasligiga ishonch hosil qilishdi.

 

 

Turarjoyingizni shaxsiylashtirish uchun bir parcha mebel

 

Haqiqiy ramka kabi, Music Frame ham foydalanuvchilarga shaxsiy fotosuratlar yoki sanʼat asarlarini uning ichiga solish imkonini beradi. Esdalik suratlari yoki sanʼat asarlarini ramkada tomosha qilgan holda musiqa tinglash foydalanuvchilarga oʻzgacha his-tuygʻu bagʻishlaydi.

 

Samsung dizaynerlari Music Frame’ni devorga osish oʻrniga, stol ustiga turgʻizib qoʻyishni istaydigan foydalanuvchilarni ham hisobga oldilar. Ramka stendining shakli va burchagi juda koʻzga tashlanmasligi yoki panelda shuʼlalar aks ettirishga olib kelmasligi uchun unga sinchkovlik bilan oʻzgartirishlar kiritildi. Stol ustiga qoʻyilsa, mahsulotning orqa tomoni koʻrinishi sabab orqa tarafi toza va minimal dizaynga keltirildi.

 

Har kuningiz musiqali ramka bilan

 

 

Ramkaga tushirilgan hayotingizdan parcha

 

Foydalanuvchilarning qadrli esdalik rasmlari boʻlsa, ular rasmni uchinchi shaxs veb-saytiga yuklash va buyurtma berish orqali oʻzlarining rasm panelini yaratishlari mumkin.

 

Music Frame standart qora ramkada keladi, ammo foydalanuvchilar oʻzlarining uy bezaklariga mos keladigan qoʻshimcha oq ramka sotib olishlari mumkin. Foydalanuvchilar musiqa tinglash uchun mukammal boʻlgan zamonaviy makonni yaratishda oʻz ramkalarini ajoyib tasvirlar bilan toʻldirishlari mumkin.

 

* Rasm panellar alohida sotiladi va maxsus buyurtma mavjudligi mintaqaga qarab farq qilishi mumkin. Oq ramkalar alohida sotiladi va 2024-yilning yozida sotuvga chiqariladi.

 

Xonangizni ritm bilan toʻldiring

 

Televizor tomoshasidan yanada taʼsirli his olish uchun foydalanuvchilar televizorlarining ikki tomonining biriga Music Frame’ni oʻrnatish orqali yanada chuqur stereo tovush yaratadigan Q-Symphony’dan foydalanishlari mumkin. Qurshab turgan atrof tovushini chiqarish uchun foydalanuvchilar televizor oldiga saundbar va orqa karnay vazifasini bajarish uchun qarama-qarshi devorga Music Frame’ni ossa boʻladi. SmartThings ilovasi yordamida foydalanuvchilar ekvalayzerni oʻz xohishlariga koʻra sozlay oladilar. Ovozni sozlash orqali foydalanuvchilar yanada jonli ovoz va immersiv kontentdan bahramand boʻlishlari mumkin.

 

* Music Frame’dagi Q-Symphony faqat 2024 Samsung TV (DU7000↑ & LS03D) yoki 2024 Samsung TV va 2024 Samsung Soundbar (Q700D↑, Ultra Slim, S-Series) ga ulanganda mavjud.

 

 

Kelajakdagi yangi imkoniyatlarni intiqlik bilan kutayotgan Samsung dizaynerlari kelgusi ham foydalanuvchilarning turmush tarzi va turarjoylariga tabiiy uygʻunlashadigan mahsulotlar va dizaynlarni ishlab chiqishdan toʻxtashmaydi.

 

Samsung Electronics dizaynlari haqida batafsil maʼlumot olish uchun Samsung Design veb-saytiga tashrif buyuring.

Korporativ > Dizayn

Qurilmalar > TV va Audio

Mijozlarga xizmat koʻrsatishga aloqador har qanday masala boʻyicha yordam uchun https://www.samsung.com/uz_uz/info/contactus/ ga kiring.
Media fayllar soʻrovi boʻyicha u.nargiza@samsung.com ga kiring.

Samsung haqidagi oxirgi maqolalar bilan tanishing

Batafsil
Yuqoriga