[Editorial] Insonlarga yoʻnaltirilgan gibrid AI yangi imkoniyatlar eshigini ochadi

01/07/2024 by Won-joon Choi
Share open/close
Havola nusxalandi.

 

Biz texnologiyalar olamidagi eng hayajonli va, ehtimol, eng tarixiy daqiqalarning boshida turibmiz. Mobil sunʼiy intellekt davri keldi, bu Samsung’ning ilk AI telefonlari boʻlgan Galaxy S24 modellarida Galaxy AI funksiyalari joriy etilishi bilan boshlandi.

 

Gibrid AI yondashuvi bilan mobil qulayliklarni revolyutsiyaga olib chiqish

 

Generativ AI texnologiyasining amaldagi afzalliklarini Galaxy S24 modellariga yetkazish uchun biz AI integratsiyasida gibrid yondashuvni tanladik. AI juda koʻp imkoniyatlarni taqdim etadi va biz mobil qurilmalar uning salohiyatini ochish uchun kalit vazifasini oʻtaydigan vosita ekanligiga ishonamiz, chunki butun dunyo boʻylab foydalanuvchilar oʻzlarining kundalik ehtiyojlari uchun telefonlariga tayanishda davom etmoqda.

 

Mobil qurilmalarning kundalik hayotda muhim rol oʻynashi ular juda muhim va unutilmas daqiqalarda odamlar foydalanadigan shaxsiy buyumlari ekanligini anglatadi. Biz ushbu bogʻliqlikni tushunamiz va foydalanuvchilar muhim daqiqalaridan sodda, intuitiv va epik tarzda bahramand boʻlishi uchun smartfonlar ishonchli vosita boʻlishi kerakligiga ishonamiz. Shuningdek, biz maxfiylikning muhimligini tushunamiz, shuning uchun biz foydalanuvchilarga nimalarni ochiq koʻrsatish va nimalarni maxfiy saqlashlari oʻzlarining ixtiyorida boʻlishi uchun ularga toʻliq nazorat kuchini topshiramiz.

 

Bizning gibrid yondashuvimiz ushbu ehtiyojlarning barchasini qondiruvchi eng amaliy va ishonchli yechim ekanligiga ishonamiz va bu Samsung’ni texnologik yoʻlda ancha oldinga siljitadi. Biz foydalanuvchilarga kundalik hayot uchun zarur boʻlgan turli funksiyalarni taklif qilishda soha yetakchilari bilan ochiq hamkorlikda qurilma ichidagi sunʼiy intellektning tezligi va qoʻshimcha maxfiylik kafolati oʻrtasidagi muvozanat hamda bulutga asoslangan sunʼiy intellektning koʻp qirraliligini taqdim etamiz.

 

Qurilma ichidagi AI bilan imkoniyatlarni kengaytirish

 

Biz Live Translate funksiyasini qurilma ichidagi sunʼiy intellekt asosida yaratdik, chunki ovozli qoʻngʻiroqlar smartfonning eng asosiy xususiyati, shu bilan birga samimiy va shaxsiy aloqa vositasidir. Samsung foydalanuvchilarga til toʻsiqlarisiz muloqot qilish imkoniyatini berish va, shu bilan birga, har bir muloqot xavfsiz va maxfiy boʻlishini taʼminlash masʼuliyatini oʻz zimmasiga oldi.

 

Ushbu gʻoyani haqiqatga aylantirish uchun bizning ilmiy-tadqiqot guruhimiz hamkorlik jarayonining bir qismi sifatida kecha-yu kunduz ishladi va bu haqiqatan ham eng yaxshi natijalarni keltirib chiqardi. AI til modellarining mos hajmini aniqlab olishdan tortib, ularni real hayot ssenariylarida oʻqitish va sinovdan oʻtkazishgacha MX biznesidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlarimiz bir qator qiyinchiliklardan oʻtdi va bu funksiyani toʻliq qurilmada ishlatishga muvaffaq boʻlishdi. Biz bunday natijani kutmagan ham edik.

 

Har bir mintaqada eng yaxshi iqtidorlarni oʻstirish va asosiy texnologiyalarni rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan Samsung’ning global ilmiy-tadqiqot tarmoqlari ham muhim rol oʻynadi. Dunyo boʻylab Samsung tadqiqot markazlari, jumladan Polsha, Xitoy, Hindiston va Vyetnamdagi markazlar oʻzlarini Galaxy AI tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan tillarni ishlab chiqish va kengaytirishga bagʻishladilar. Tillar zamonamiz aksi va mahalliy qadriyatlarga ega juda madaniy narsadir. Shu bois odamlarga til toʻsiqlarini bartaraf etish va tabiiyroq muloqot qilishda yordam berish uchun mahalliy ilmiy-tadqiqot markazlarining roli oʻsha mintaqalardagi foydalanuvchilar uchun yangi imkoniyatlarni ochishda yanada muhimroqdir.

 

Ushbu saʼy-harakatlar Samsung’ga foydalanuvchilarga mutlaqo yangi narsani taklif qilish imkonini berdi. Men esa buni sizlar bilan baham koʻrishdan juda xursandman. Tez orada Samsung ovozli qoʻngʻiroqlarni keng miqyosda qoʻllab-quvvatlash uchun Live Translate’ni boshqa uchinchi tomon xabarlashuv ilovalariga kengaytirish orqali Galaxy AI kuchini Samsung’ning oʻzining qoʻngʻiroq qilish ilovasidan tashqariga olib chiqadi. Shunda doʻstlaringiz yoki hamkasblaringiz bilan aloqada boʻlib, sevimli ilovalaringizda bir nechta tillarda muloqot qilish imkoniga ega boʻlasizlar.

 

Bu funksiya qurilma ichidagi AI tarjimoni modelimizga integratsiya qilinganligi sababli foydalanuvchilar Live Translate xizmatidan foydalanganda shaxsiy maʼlumotlarning telefondan tashqariga chiqib ketishi kabi maxfiylik muammolari haqida qaygʻurmasdan, toʻsiqlarsiz muloqot qilishga muvaffaq boʻlishadi.

 

Oʻylaymanki, kelgusida mobil qurilmalarga tobora koʻp sunʼiy intellekt xususiyatlari kiritiladi, chunki soʻnggi mikrosxemalar, xususan, NPU’larning aqlli hisoblash kuchi boshqa texnologiyalar qatori tez surʼatlar bilan rivojlanmoqda. Bu yanada koʻp odamlarga sunʼiy intellektdan foydalanish orqali har bir kunni qulayroq qilish va xotirjam boʻlishni taʼminlaydi.

 

Ertangi ehtiyojlar uchun bugundanoq Galaxy AI’ni rivojlantirish

 

Ushbu hayajonli yangilik Galaxy AI’ga boʻlgan sodiqligimizni kengaytirish va mobil AI davrining keyingi bosqichiga oʻtishning bir qismidir. Galaxy S24 modellarida Galaxy AI’ning joriy etilishi endi-endi boshlanishi edi. Mutlaqo yangi va noyob AI hissini taqdim etish uchun biz Galaxy AI qulayliklarini yaqinlashib kelayotgan buklanuvchan qurilmalar uchun yanada optimallashtiramiz. Bizning buklanuvchan qurilmalarimiz Samsung Galaxy’dagi eng serqirra va moslashuvchan form-faktor boʻlib, Galaxy AI bilan birlashganda, bu ikkita bir-birini toʻldiruvchi texnologiyalar butkul yangicha imkoniyatlar eshigini ochadi.

 

Shuningdek, Samsung oʻzining noyob usullari bilan Galaxy AI qulayliklarini Galaxy ekotizimida kengaytirishga sodiqdir. Mobil sunʼiy intellekt davri tezkor surʼatlar bilan oʻsib borayotgan bir paytda Samsung nafaqat bugungi, balki ertangi kunning ehtiyojlarini qondirish uchun mobil AI innovatsiyalar ishlanmalarini jadallashtirmoqda.

by Won-joon Choi

EVP & Head of Mobile R&D Office, Mobile eXperience Business at Samsung Electronics

Qurilmalar > Mobil

Mijozlarga xizmat koʻrsatishga aloqador har qanday masala boʻyicha yordam uchun https://www.samsung.com/uz_uz/info/contactus/ ga kiring.
Media fayllar soʻrovi boʻyicha u.nargiza@samsung.com ga kiring.

Samsung haqidagi oxirgi maqolalar bilan tanishing

Batafsil
Yuqoriga