[Intervyu] Maʼlumotlarni xavfsiz va oson ravishda koʻchirish: Samsung va KakaoTalk bilan sahna ortida
Kontaktlarni, taqvim eslatmalarini va fotosuratlarni yangi Galaxy qurilmasiga koʻchirish Samsungʻning Smart Switch ilovasida juda oson. Shu paytgacha KakaoTalk koreyscha messenjer ilovasida yozishmalarning zaxirasini saqlamasdan Smart Switch yordamida chatlarni koʻchirish deyarli imkonsiz edi. Koʻplab foydalanuvchilar ushbu muammoni hisobga olmagan holda noqulayliklarga duch kelishdi.
Endi Galaxy foydalanuvchilari KakaoTalk maʼlumotlarini xavfsiz va oson koʻchirish uchun Smart Switch’ga ishonishlari mumkin. Samsung Newsroom Samsung Electronics kompaniyasining Mobile eXperience (MX), Business Experience Planning Team aʼzosi Seungho Kang va Kakaodagi mahsulot menejeri va Talk Service rejalashtiruvchisi Jiyoung Hwang bilan ikki kompaniya maʼlumotlar koʻchirishni takomillashtirish uchun qanday hamkorlik qilganini aniqlashga kirishdi.
Ochiq chatlarni tiklashdan tortib akkauntni tekshirish jarayonini soddalashtirishgacha
Savol: Smart Switch endi KakaoTalk chatlarini to‘liq tiklashi mumkin. Iltimos, bizga yangi funksiya haqida maʼlumot bersangiz.
Kang: Smart Switch orqali Galaxy qurilmalari o‘rtasida ma’lumotlarni koʻchirishda foydalanuvchilar endi KakaoTalk chatlari va tegishli medialar, jumladan, fotosuratlar va videolarni osongina tiklashlari mumkin. Yangilanish matnlarning oʻqilmagan holatini saqlab qolishini ham taʼminlaydi. Bundan tashqari, endi ochiq chatlarni saqlash mumkin. Buni ilgari uddalash qiyin edi.
Hwang: Galaxy foydalanuvchilari ochiq chatlarni tiklashni qoʻllab-quvvatlashga ancha qiziqishdi. Ochiq chatlarning dinamik ekanligi tufayli KakaoTalk ilgari ochiq chatlar uchun hech qanday zaxira imkoniyatlarini qoʻllab-quvvatlamagan. Biroq Android foydalanuvchilari orasida ochiq chatlar mashhurligini hisobga olgan holda biz birinchi marta zaxiradan tiklash imkonini taqdim etishga qaror qildik.
Savol: mazkur yangilanish foydalanuvchilar uchun qanday qulayliklar olib keladi?
Kang: ilgari ilova eski telefondan yangisiga ko‘chirilganda foydalanuvchilar KakaoTalk ma’lumotlarini qo‘lda yoki pulli xizmat orqali tiklashlari kerak edi. Bundan tashqari, oʻz-oʻzini tekshirish jarayoni sodiq foydalanuvchilar va platforma bilan tanish boʻlmaganlar uchun roʻyxatdan oʻtishda katta toʻsiqlar keltirib chiqardi. Ikkala kompaniya ham foydalanuvchi qulayligini umumiy maqsad qilib olgan holda Samsung Galaxy foydalanuvchilari uchun yangi qurilmalarni sozlashni osonlashtirish niyatida va KakaoTalkda yanada qulayroq xabar almashishni taʼminlashda ilovani optimallashtirishga harakat qiladi. Bu yoʻlda biz akkauntni tekshirish jarayonini yengillashtirish ustida ishladik.
Hwang: ushbu yangilanishda KakaoTalk foydalanuvchilari akkauntni tekshirish jarayonini faqat bir marta amalga oshirishadi xolos. Maʼlumotlar Smart Switch orqali yangi qurilmaga oʻtkazilganda foydalanuvchilar koʻchirilgan maʼlumotlar ularniki ekanligini tasdiqlash uchun oʻzlarining KakaoTalk akkauntining maxfiy soʻzini kiritsa kifoya. Yagona tekshirish bosqichi bilan hammasini oddiy va xavfsiz tarzda tiklash mumkin boʻladi.
Foydalanuvchi uchun qulaylikni umumiy maqsad qilish
Savol: Samsung va KakaoTalk oʻrtasidagi bu hamkorlik qanday paydo boʻldi?
Kang: foydalanuvchilar anchadan beri KakaoTalk maʼlumotlarini tiklashni qoʻllab-quvvatlashni soʻrab kelishdi, ammo murakkab maʼlumotlar xavfsizligi va texnologiya siyosati baʼzi qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Biroq Samsung va Kakao oʻtgan yilning oxirida tegishli yangilanishlarni ishlab chiqishga kelishib oldilar. Bundan maqsad oʻzaro saʼy-harakatlar bilan foydalanuvchilar uchun yuqori qulaylikni taqdim etish edi.
Hwang: biz bu xizmatni imkon qadar tezroq ishga tushirmoqchi edik. Hamkorlik davomida biz messenjer orqali jonli tarzda muloqot qildik va go‘yo bir jamoadek g‘oyalarimizni tartibga soldik. Har bir kompaniya qaysi funksiyalarni qoʻllab-quvvatlamoqchiligini diqqat bilan muhokama qildi va belgilangan sanada xizmatni ishga tushirish uchun metodik ravishda ishlab chiqishni boshladik. Men uchun bu unutilmas tajriba boʻldi, chunki biz qisqa vaqt ichida kompaniyalararo hamkorlikni amalga oshira oldik.
Savol: xizmatni ishlab chiqish jarayonining eng muhim jihati nima edi?
Hwang: xavfsizlik juda muhim edi. KakaoTalk foydalanuvchilari telefonlarini yoʻqotib qoʻygan taqdirda ularning maʼlumotlari himoya ostida boʻlishi uchun kuchli xavfsizlik tizimi zarur. Ikkala kompaniya ham foydalanuvchilar va ularning maʼlumotlarini himoya qilishning eng yaxshi usuli haqida muhokama qilishdi. Oxir-oqibat biz akkauntni tekshirish jarayonini soddalashtirdik va autentifikatsiya maʼlum muddat ichida amalga oshirilmasa, maʼlumotlar koʻchirilishini bekor qiladigan tizimni joriy etdik.
Samsung va KakaoTalk: yangi foydalanuvchilar uchun unutilmas qulaylik taqdim etish yoʻlida
Savol: yangilanishdan keyin jamoat nomidan qiziqarli reaksiyalar boʻldimi?
Hwang: yangilanish chiqqanidan beri biz ilovani kuzatib boramiz va ijobiy izohlar va sharhlarni ko‘rganimdan faxrlanib ketaman. Baʼzi odamlar maʼlumotlarni tiklashning keyingi darajasi qanday boʻlishi bilan qiziqishadi, men buni koʻrib quvonib ketaman, hatto izohlarda javob yozib qoldirgim keladi.
Kang: jamoat tomonidan ochiq chatlardagi maʼlumotlarni tiklashni qoʻllab-quvvatlashga boʻlgan reaksiyalar ajoyib boʻldi, chunki bu funksiya ilgari mumkin emas edi. Yangi Galaxy qurilmalari toʻxtamay rivojlanib borar ekan, biz foydalanuvchilarning yanada ijobiy reaksiyalarini kutib qolamiz.
Savol: ushbu funksiya boʻyicha hamkorlik haqida qanday fikrdasiz? Kelajakdagi maqsadlaringiz qanday?
Hwang: turli manfaatni koʻzlagan va korporativ madaniyatlarga ega boʻlgan kompaniyalar oʻrtasidagi hamkorlik kamdan kam sodir boʻladi va jarayon oson kechmaydi. Ikkimiz ham foydalanuvchilarni birinchi oʻringa qoʻygan holda harakat qilamiz. Shuning uchun ham yuzaga kelgan ushbu hamkorligimizni va bu hamkorlik paytidagi olgan taassurotlarimni hamon eslayman.
Kang: bu mazmunli muddat kelajakda boshqa hamkorliklar uchun qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi, chunki biz mijozlarga yuqori qulaylik taqdim etishga intilamiz. Men foydalanuvchilardan buni eshitmoqchiman: “Yangi Galaxy telefonini xavotirlanmasdan sotib olaman, chunki Smart Switch oʻrnimga barcha maʼlumotlarimni yangi qurilmaga koʻchirib beradi”. KakaoTalk kabi messenjer ilovalari bilan bir qatorda Samsung oʻz foydalanuvchilari uchun ma’lumotlarni koʻchirish usullarini yanada takomillashtirish yoʻlida turli ilova yaratuvchilari bilan hamkorlik qilmoqda. Kelasi kim bilan hamkorlik qilishni bilish uchun Smart Switch’dan yangilanishlarni kuzatib boring!
Hamma uchun qoniqarli natijani taqdim etishga intilgan Samsung doimo Galaxy foydalanuvchilarining ovoz-u iltimoslarini tinglagan holda ochiq hamkorlik va mahsulotlarni yaxshilashga harakat qiladi. Smart Switch orqali KakaoTalk maʼlumotlarni tiklash funksiyasidan qanday foydalanishni o‘rganish uchun quyidagi yo‘riqnomaga yuzlaning.
* KakaoTalk maʼlumotlarini faqat Galaxy qurilmalari oʻrtasida oʻtkazishi mumkin.
* “Boshqa qurilmadan foydalanish” funksiyasi boshqa qurilmalardan KakaoTalk maʼlumotlar koʻchirishni qoʻllab-quvvatlamaydi.
* Agar KakaoTalk yangi qurilmaga oldindan oʻrnatilgan boʻlsa, maʼlumotlar tiklanmaydi (olib tashlang va Smart Switch orqali qayta oʻrnating).
* Yangi qurilmada Kakao akkauntini tekshirish yakunlangach, boshqa qurilmalardan loginlar oʻchirib tashlanadi.
Pressa uchun > Infografika
Qurilmalar > Mobil
Mijozlarga xizmat koʻrsatishga aloqador har qanday masala boʻyicha yordam uchun https://www.samsung.com/uz_uz/info/contactus/ ga kiring.
Media fayllar soʻrovi boʻyicha u.nargiza@samsung.com ga kiring.