Samsung Health ilovasida Uyqu bo‘yicha murabbiy dasturini ishga tushirish soddalashdi hamda haftalik tavsiyalar shaxsiylashtirildi

30/10/2026
Share open/close
Havola nusxalandi.
Uyqu bo‘yicha murabbiy dasturi uch kunlik ma’lumotlar asosida ishga tushadi va har hafta moslashib boradi, Yugurish murabbiysi funksiyasi esa yanada yuqori darajadagi mashg‘ulotlar hamda Strava marshrutlari integratsiyasini taqdim etadi

Samsung Electronics kompaniyasi bugun Samsung Health ilovasining yirik yangilanishini e’lon qildi – boshlash uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar talabi kamaytirilgani tufayli endi Uyqu bo‘yicha murabbiy1 dasturini ishga tushirish yanada osonlashdi. Shuningdek, yangilangan ilova foydalanuvchilarga sog‘lomroq va barqaror kundalik odatlarni shakllantirishda ko‘maklashish maqsadida yanada shaxsiylashtirilgan uyqu tavsiyalarini hamda yugurish dasturlarining kengaytirilgan bosqichlarini taqdim etadi.

 

 

Uyqu bo‘yicha murabbiy: boshlash osonroq va har bir foydalanuvchiga yanada mos

 

 

Samsung Health ilovasida Uyqu bo‘yicha murabbiy dasturini ishga tushirish soddalashdi hamda haftalik tavsiyalar shaxsiylashtirildi

 

 

 

Uyquni kuzatish funksiyasi foydalanuvchilarga qanday uxlaganini ko‘rsatib bersa, uyqu bo‘yicha murabbiylik uyquga oid shaxsiy maqsad va ma’lumotlarni kundalik odatlarga aylantirish orqali yaxshiroq uxlashga yordam beradi.

 

 

Samsung uyquni boshqarishga kirishishni yanada soddalashtirdi. Endi foydalanuvchilar Uyqu bo‘yicha murabbiy dasturini bir oy ichidagi yetti kunlik emas, balki so‘nggi ikki hafta ichidagi atigi uch kunlik ma’lumotlar bilan ham boshlashlari mumkin.

 

 

Sozlash jarayonida foydalanuvchilar uyquning muntazamligi, uyqudagi uzilishlar, alkogol va kofein iste’moli hamda uyqudan shaxsiy qoniqish darajasi haqidagi so‘rovnomani to‘ldiradilar. Ushbu so‘rovnoma javoblari va uch kunlik uyqu ma’lumotlari asosida ilova shaxsiylashtirilgan jonivor ko‘rinishidagi Uyqu timsoli belgisini biriktiradi hamda individual maqsadlardan kelib chiqib, to‘rt haftadan sakkiz haftagacha mo‘ljallangan maxsus dasturni tuzib beradi. Foydalanuvchilar dastur bosqichlaridan o‘tgani sari tizim uyqudan kundalik qoniqish darajasi va turmush tarzidagi o‘zgarishlarni kuzatib boradi hamda uyqu rejimining o‘zgarishini aks ettirish uchun haftalik tavsiyalarni dinamik tarzda moslashtiradi.

 

 

Uyqu xulq-atvori ilmi tamoyillariga asoslangan mazkur dastur foydalanuvchilarga kundalik nazorat ro‘yxatlarini hamda uyqu bo‘yicha maslahatlarni taqdim etadi – bu esa uxlashdan bir soat oldin ekranlarga qaramaslik, kechki payt kofein iste’mol qilishdan tiyilish va uyg‘ongach ochiq havoda chigil yozish mashqlarini bajarish kabi yanada sog‘lom odatlarni shakllantirishni osonlashtiradi.

 

 

Shuningdek, foydalanuvchilarga yanada tushunarli va batafsil tahliliy hisobotlar taqdim etiladi. Beshburchak shaklidagi yangi Uyqu balansi grafigi uyquni baholashning beshta asosiy mezonini – uyqu vaqti, uyqu muntazamligi, tunda uyg‘oq o‘tkazilgan vaqt, uyqudan qoniqish darajasi hamda Energiya ko‘rsatkichi2 natijasini – bir joyga jamlaydi va Uyqu bo‘yicha murabbiy dasturi orqali to‘plangan yoki kiritilgan ma’lumotlar asosida uyqu tendensiyalari hamda e’tibor talab qilishi mumkin bo‘lgan jihatlarni bir qarashdayoq ko‘rish imkonini beradi.

 

 

O‘tgan tungi uyquni sarhisob qilib, foydali maslahatlar ulashuvchi tonggi tahliliy xabarlar har kuni haftalik va yakuniy hisobotlar bilan uzviy bog‘lanadi hamda uyqu tendensiyalarining yaxlit manzarasini namoyon etadi. Kundalik harakatlarni ma’lumotlarga asoslangan bunday o‘sish ko‘rsatkichlari bilan uyg‘unlashtirgan holda, Samsung Health foydalanuvchilarga har kungi farovonlikni qo‘llab-quvvatlash uchun barqaror hayot tarzi odatlarini shakllantirishda ko‘maklashadi.

 

 

Kengaytirilgan yugurish dasturlari va Strava marshrutlari integratsiyasi

 

 

Samsung Health ilovasida Uyqu bo‘yicha murabbiy dasturi

 

 

Yugurish sportiga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganini inobatga olib, yanada dinamik va o‘zaro uzviy bog‘langan mashg‘ulot imkoniyatlarini taqdim etish maqsadida Yugurish murabbiysi3 funksiyasi yangilandi.

 

 

Mashg‘ulot bosqichlari 10 tadan 12 ta darajagacha kengaytirildi. Foydalanuvchilar 12 daqiqalik yugurish testi yoki o‘zlarining avvalgi ko‘rsatkichlari asosida shaxsiy mashg‘ulot rejasini olishda davom etadilar, shu bilan birga, yangilanishda o‘rta va yuqori tayyorgarlikka ega yuguruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi darajalar ham joriy etildi. Ushbu maxsus bosqichlar ularga yuqoriroq marralarni belgilash, o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazish va natijalarini izchil ravishda yaxshilab borish imkonini beradi.

 

 

Erishilgan yutuqlarni nishonlash va motivatsiyani saqlab qolish maqsadida Yugurish murabbiysi funksiyasida natijalarni ijtimoiy tarmoqlarda ulashishning takomillashtirilgan imkoniyati taqdim etildi. Yuguruvchilar o‘z mashg‘ulot ma’lumotlarini turli ijtimoiy platformalar uchun mo‘ljallangan va ulashishga tayyor shablonlarga oson eksport qilishlari mumkin – bu esa muhim marralar, shaxsiy rekordlar va marshrutning eng diqqatga sazovor nuqtalarini o‘z fitnes hamjamiyatlari bilan bo‘lishishni ancha qulaylashtiradi.

 

 

Samsung global fitnes platformasi hisoblangan Strava4 bilan hamkorlik orqali ekotizimning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashda davom etmoqda. Foydalanuvchilar odatiy va tog‘-dala yo‘llarida yugurish hamda velosport uchun o‘zlari yoqtirgan Strava marshrutlarini bevosita Samsung Health ilovasiga import qilishlari mumkin. Mazkur integratsiya har ikkala platformaning o‘zaro mos ishlashini va foydalanuvchilar uchun qulaylikni ta’minlaydi.

 

 

“Samsung Health ilovasining shaxsiylashtirilgan murabbiylik tizimi foydalanuvchilarga o‘z sog‘liq ko‘rsatkichlarini tushunish imkonini berib, kundalik farovonlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi, – dedi Samsung Electronics kompaniyasi Mobile eXperience bo‘linmasining katta vitse-prezidenti va Raqamli salomatlik yo‘nalishi rahbari Xon Pak. – Ishonchli salomatlik platformasini barpo etish uchun Galaxy ekotizimi hamda texnologiyalarimizdan foydalanishda davom etamiz”.

 

 

Ushbu takomillashtirilgan funksiyalar oktyabr oyidan boshlab Samsung Health ilovasi yangilanishlari orqali bosqichma-bosqich joriy etib boriladi5.

 


 

1. Uyqu bo‘yicha murabbiy dasturi Samsung Health ilovasining v.6.24 yoki undan yuqori versiyalarida mavjud bo‘lib, Android OS 11 yoki undan yuqori tizimda ishlovchi Samsung Galaxy smartfonlariga ulanishi talab etiladi. 7–14 kunlik davr ichida kamida uch kun davomida qayd etilgan uyqu ma’lumotlari bo‘lishi zarur. Galaxy Watch 4 seriyasi va undan keyingi modellar, Samsung Galaxy Fit3 va undan keyingi modellar hamda Samsung Galaxy Ring orqali foydalanish mumkin.
2. Energiya ko‘rsatkichi natijasini tekshirish uchun Samsung Galaxy Watch yoki Samsung Galaxy Ring orqali qayd etilgan salomatlik ma’lumotlari Samsung Health ilovasi bilan sinxronlashtirilishi zarur. Natija faqat shaxsiy ma’lumot uchun mo‘ljallangan bo‘lib, tibbiy maqsadlarda qo‘llanilmaydi.
3. Yugurish murabbiysi funksiyasi Android 10 yoki undan yuqori operatsion tizimda ishlovchi smartfonlarda mavjud bo‘lib, Samsung Health ilovasining v6.30.2 yoki undan yuqori versiyasi o‘rnatilgan bo‘lishi zarur. Samsung akkauntiga kirish talab etiladi. Xizmatdan faqat Galaxy Watch8 seriyasi yoki undan keyingi Galaxy Watch seriyalari orqali foydalanish mumkin.
4. Strava xizmati Belarus, Xitoy, Kuba, Eron, Shimoliy Koreya, Suriya, Rossiya, Ukrainaning ayrim hududlari va Janubiy Koreyadan tashqari butun dunyoda mavjud.
5. Ayrim funksiyalar kelgusidagi dasturiy ta’minot yangilanishlari orqali qo‘llab-quvvatlanishi mumkin bo‘lib, ularning mavjudligi va taqdim etilish muddati bozor, model hamda boshqa shartlarga qarab farq qiladi.

Qurilmalar > Mobil

Pressa uchun > Press-relizlar

Agar siz mijoz bo‘lsangiz, iltimos, quyidagi sahifaga o‘ting: samsung.com
OAV va media uchun: z.fozilova@partner.samsung.com

Samsung haqidagi oxirgi maqolalar bilan tanishing

Batafsil
Yuqoriga