Samsung Innovation Campus ilk bor O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston — 2026-yil 23-oktabr. Samsung Electronics O‘zbekistonda Samsung Innovation Campus (SIC) xalqaro ta’lim dasturi ilk bor ishga tushirilayotganini e’lon qildi. Ushbu tashabbusni amalga oshirishdagi muhim qadam Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) bilan hamkorlik memorandumi imzolanishi bo‘ldi. Marosim 22-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Hujjatni Samsung Electronics Uzbekistan direktori Yoon Seong Chan va TATU rektori Baxtiyor Maxkamov imzoladi.
Hamkorlik amaliyotga yo‘naltirilgan IT ta’limini rivojlantirish va talabalarning zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Samsung Innovation Campus doirasida universitetda Buyumlar interneti (Internet of Things, IoT) kursi yo‘lga qo‘yiladi. Unda Samsung’ning xalqaro ta’lim tajribasi TATUning akademik imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtiriladi.
Samsung’ning xalqaro tajribasi universitet ta’limida
Samsung Innovation Campus — Samsung Electronics kompaniyasining yoshlar o‘rtasida zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro ijtimoiy-ta’limiy tashabbusi. TATU bilan hamkorlik doirasida ta’lim dasturi universitetdagi o‘quv jarayoniga integratsiya qilinadi.
IoT kursi TATUning o‘quv rejasiga allaqachon kiritilgan: ikkinchi bosqich talabalari uni bahorgi semestrda, uchinchi bosqich talabalari esa kuzgi semestrda o‘rganadilar. Dasturga tayyorgarlikning muhim bosqichi sifatida universitet o‘qituvchisi Samsung Innovation Campus doirasida maxsus tayyorgarlikdan o‘tib, mashg‘ulotlarni olib borishga tayyor bo‘ldilar.
Samsung ta’lim dasturi, o‘quv-uslubiy materiallar, o‘qitish metodologiyasi hamda o‘quv jarayoni davomida ko‘mak taqdim etadi. Ta’lim jarayonini tashkil etishda o‘quv materiallari, amaliy topshiriqlar va talabalar o‘zlashtirishini nazorat qilish vositalarini birlashtirgan Samsung Innovation Campus raqamli ta’lim platformasidan foydalaniladi.

Texnologiyalarni o‘rganishdan o‘z ishlanmalarini yaratishgacha
Samsung Innovation Campus dasturining asosiy xususiyati — ta’limning amaliy yo‘nalishga ega ekanidir. IoT kursida talabalar ulangan qurilmalar, sensorlar, mikrokontrollerlar va ma’lumot uzatish texnologiyalarining ishlash tamoyillarini hamda ularni aqlli tizimlarga birlashtirish usullarini o‘rganadilar. Olingan bilimlarni amaliy topshiriqlar va mustaqil loyihalarda, jumladan kundalik jarayonlarni avtomatlashtirish, infratuzilmani kuzatish va resurslardan samarali foydalanishga oid yechimlarni ishlab chiqishda qo‘llashlari mumkin.

Amaliy mashg‘ulotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Samsung talabalarga o‘z prototiplarini yaratishda foydalaniladigan o‘quv komponentlarini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, mashg‘ulotlar uchun auditoriyani Samsung interaktiv displeyi bilan jihozlash ko‘zda tutilgan.
Ta’limni muvaffaqiyatli yakunlab, dasturda belgilangan talablarni bajargan talabalar kursni o‘zlashtirganini tasdiqlovchi Samsung Innovation Campus sertifikatlarini oladilar. Sertifikat va loyiha ustida ishlash tajribasi talabalarning kasbiy portfoliosini boyitib, egallangan bilim hamda amaliy ko‘nikmalarini namoyish etishga yordam beradi.
O‘zbekistonda texnologik ta’limni qo‘llab-quvvatlash

O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot rivojlanishi bilan zamonaviy texnologik bilim va ularni amaliy qo‘llash tajribasiga ega mutaxassislarga ehtiyoj ortib bormoqda. TATU bilan hamkorlikda Samsung Innovation Campus dasturining ishga tushirilishi talabalarning xalqaro ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirib, universitetdagi nazariy bilimlarni IT sohasida dolzarb bo‘lgan amaliy ko‘nikmalar bilan to‘ldiradi.
Samsung Electronics uchun ushbu loyiha texnologik ta’limni va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyatning davomidir. Kompaniya o‘z tajribasini ulashish va yosh mutaxassislarning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiluvchi ta’lim imkoniyatlarini rivojlantirishga intiladi.
Samsung Innovation Campus haqida
Samsung Innovation Campus — Samsung Electronics kompaniyasining raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish va yoshlarning zamonaviy texnologiyalar sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan xalqaro ta’lim dasturi. Dastur dunyoning turli mamlakatlarida amalga oshiriladi va kompaniyaning ta’lim sohasidagi ijtimoiy tashabbuslaridan biri hisoblanadi.
Korporativ > Ijtimoiy masʼuliyat
Pressa uchun > Press-relizlar
Agar siz mijoz bo‘lsangiz, iltimos, quyidagi sahifaga o‘ting: samsung.com
OAV va media uchun: z.fozilova@partner.samsung.com
