Samsung SDC24’da SDC’ning 10 yilligini nishonlaydi va AI’ga asoslangan innovatsiyalarni namoyish etadi

16/10/2024
Share open/close
Havola nusxalandi.

Konferensiyada sunʼiy intellekt texnologiyasidagi keng koʻlamli innovatsiyalar orqali mijozlar uchun imkoniyatlar qanchalik shaxsiylashtirilganligi va xavfsiz boʻlganligiga urgʻu beriladi

 

Foydalanuvchilar oʻz qurilmalari bilan koʻprogʻiga erisha oladi; ishlab chiquvchilar kelajak uchun barpo etadi

 

 

Samsung Electronics bugun San Xose McEnery konferensiya markazida oʻzining yillik Samsung Developer Conference’ni (Samsung ishlab chiquvchilar konferensiyasi) (SDC) oʻtkazdi. Ishlab chiquvchilar bilan hamkorlik va innovatsiyalarning oʻn yilligini nishonlayotgan kompaniya bu safar “Hamma uchun AI” ruhida eng soʻnggi koʻp qurilmali AI texnologiyasi bilan yanada shaxsiylashtirilgan va xavfsiz imkoniyatlarni taqdim etish boʻyicha oʻz qarashlarini namoyish etdi.

 

3000 ga yaqin ishlab chiquvchilar, hamkorlar va ommaviy axborot vositalari ishtirok etgan holda Samsung Electronics kompaniyasining Device Experience (DX) boʻlimi raisi oʻrinbosari, bosh direktori va rahbari Jong-Hee (JH) Han shunday dedi: “Biz soʻnggi 10 yil mobaynida koʻplab ishlab chiquvchilarimiz va hamkorlarimiz bilan innovatsiyalar tomon sayohatni davom ettirdik”. U bugungi sunʼiy intellekt davrida ham raqobatbardoshlikni, ham oʻzaro oʻsishni kuchaytirish uchun ochiq hamkorlik muhimligini taʼkidladi.

 

JH mustahkamroq xavfsizlik, ilgʻor shaxsiylashtirish, oilaviy parvarish imkoniyatlarini yaxshilash va B2B bizneslari uchun yangi imkoniyatlarni taklif qilish yoʻlida kompaniyaning AI texnologiyasidan qanday foydalanishiga oid qoʻshimcha tafsilotlarni ulashdi. “Samsung Electronics sunʼiy intellekt texnologiyasi yanada moslashtirilgan imkoniyatlarni taqdim etishi uchun uni har bir foydalanuvchining ovozidan tortib joylashuvigacha avtomatik ravishda taniydigan darajaga koʻtarishda davom etadi”, deb tushuntirdi u. “Bu saʼy-harakatlar Samsung’ning sunʼiy intellektga asoslangan dasturiy taʼminoti, platforma innovatsiyasi va xavfsizlik texnologiyasidan unumli foydalanish orqali yanada qulay va xavfsiz koʻp qurilmali imkoniyatlarni yaratadi”.

 

Bundan tashqari, kompaniya keyingi yil One UI nomi ostida mobil qurilmalardan tortib, televizorlar va maishiy texnikagacha boʻlgan asosiy mahsulot kategoriyalarining dasturiy imkoniyatlarini birlashtirishini eʼlon qildi. Mahsulot imkoniyatlari yaxlitligini taʼminlash va yetti yilgacha dasturiy taʼminotni yangilash majburiyatini zimmasiga olgan holda Samsung oʻz mijozlari uchun innovatsiyalarni taqdim etishda toʻxtamaydi.

 

Shuningdek, “Hamma uchun AI”ni amalga oshirish uchun Samsung innovatorlarga yangi zamin yaratish, ijtimoiy muammolarni hal qilish va kelajak avlodlar uchun qulayroq hayot yaratish yoʻlida yangi texnologiyalardan unumli foydalanish imkoniyatini beruvchi AI’ni ham ishlab chiqadi.

 

Samsung “Hamma uchun AI” innovatsiyasini yana bir bor takrorlaydi

SDC24’da kompaniya imkoniyatlarni ochish, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish va undan foydalanuvchilarning kundalik hayotini yaxshilash uchun sunʼiy intellekt texnologiyasidan foydalanishini yana bir bor tasdiqladi. Ilgʻor sunʼiy intellekt texnologiyalariga oʻn yildan ortiq sarmoya kiritib kelgan Samsung kompaniyasi oʻzining “Hamma uchun AI”ga sodiqligi asosida shakllangan tadqiqot va innovatsiyalarining yoʻl xaritasi ishlab chiquvchilar va mijozlarni qay tarzda bir tomonga yoʻnaltirayotganini ulashdi.

 

Har bir shaxs uchun shaxsiylashtirish asosidagi sunʼiy intellektni yaratish zaruratidan ilhomlanib, Samsung “Hamma uchun AI”ni oʻylab topdi; bu kechki kun tartibini osonlashtirishni xohlaydigan oilalar, yangi joylarga endi-endi koʻnikib borayotgan uy egalari, ilhom olish uchun ilgʻor texnologiyalarni oʻrganayotgan ijodkorlar va innovatorlar uchun yaratilmoqda. Samsung qurilma ichidagi sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda maxfiylikka putur yetkazmasdan, bulutli va generativ AI orqali mislsiz samaradorlikni taqdim etishda davom etmoqda.

 

Shuningdek, Samsung hayotimizni yaxshilash uchun AI’ni rivojlantirishga sodiq ekan, barcha xodimlar sunʼiy intellektni rivojlantirish va undan foydalanish uchun “Adolat”, “Shaffoflik” va “Masʼuliyatlilik” global AI axloqiy tamoyillarini qoʻllab-quvvatlaydi.

 

“Hamma uchun AI” strategiyasi samaradorlik, ijodkorlik va muloqotni yaxshilash uchun Galaxy AI’ni mobil qurilmalarga yanada chuqurroq integratsiya qiladi; Bespoka AI jihozlari foydalanuvchilarning kundalik hayotini soddalashtiradi; Tizen operatsion tizimli Samsung aqlli televizorlari sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan displeylarga ega; Bixby, SmartThings va One UI 7 uchun platformalararo AI yangilanishlari kelmoqda.

 

One UI 7 ga qisqacha nazar tashlash

One UI foydalanuvchilarga mobil qurilmalarda mavjud boʻlgan eng moslashuvchan, ijodiy va samarali imkoniyatlarni taqdim etish uchun yaratilgan. Samsung SDC24 koʻrgazmasida One UI 7 ga qisqa nazar tashlandi va uning sodda, taʼsirchan va hissiyotli dizaynga yoʻnaltirilgan yangi UX hamda Galaxy AI funksiyalarini kundalik hayotga yengil integratsiya qilishning yangicha usullari taʼkidlandi. One UI 7 beta versiyasi shu yil oxirigacha ishlab chiquvchilarga taqdim etiladi.

 

AI uy hayotga tatbiq etiladi

Samsung’ning Bespoke AI jihozlari oshxonami, mehmonxonami, bundan qatʼi nazar, butun xonadonga qulay imkoniyatlarni olib kiradi. AI Family Hub™ ga ega sovitkichdagi AI Vision Inside[1] yoki Bespoke Jet Bot Combo™ AI’dagi AI Floor Detect kabi sunʼiy intellektga ega funksiyalar bilan Samsung’ning aqlli maishiy texnikalari hayotni yanada qulay, sodda va oson qilish uchun eng zoʻr AI texnologiyalaridan foydalanadi.

 

Bu esa AI bilan yangilangan Bixby[2] yordamida yanada kuchayadi. Foydalanuvchilar Bixby’ni qoʻllab-quvvatlaydigan qurilma orqali istalgan joydan turib butun boshli aqlli uylarning istalgan qismini boshqarishlari mumkin. Shuningdek, Bixby imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun ham qulayliklar taqdim etadi. Uyda foydalanish qulayligini oshirish uchun Auto Open Door funksiyasi tufayli u uygʻotuvchi buyruqlarsiz[3] (“Salom, Bixby” va h.k.) oddiy chaqiruv bilan jihoz eshiklarini ochishi mumkin.

 

Bixby’ning kengaytirilgan imkoniyatlari Samsung smart televizorlariga ham tegishli. Foydalanuvchilar endi Bixby tufayli koʻrmoqchi boʻlgan kontentini odam tilida tavsiflab va sozlamalarni koʻplab buyruqlar yordamida sozlash orqali kerakli kontentni qidirishlari mumkin. Foydalanuvchilarning kundalik hayotini soddalashtirish boʻyicha doimiy majburiyatdan ilhomlangan masofadan mobil boshqaruv funksiyasi foydalanuvchilarga televizorlarini telefonidan boshqarish imkonini beradi va Samsung AI Cast mobil qurilmalarda AI tomonidan yaratilgan natijalarni televizorga yoʻnaltirishi mumkin. Foydalanuvchilar televizorning bosh ekranida mavjud boʻlgan generativ AI yordamida ishlab chiqilgan qator tasvirlar va kontentlar, jumladan, ChatGPT integratsiyasidan endi kattaroq displeyda bahramand boʻla olishadilar.

 

Samsung oʻzining vizual displey ilovalariga ham sunʼiy intellektni birlashtirmoqda. Jumladan, aqlli televizorlarda AI Upscaling va AI Customization’dan tortib, Nextdoor bilan yangi hamkorlik orqali har qanday smart televizor ekranini ob-havo, qurilma salomatligi va mahalliy yangiliklar kabi kundalik maʼlumotlarni olsa boʻladigan yagona markazga aylantirish uchun yangi Daily Board Software Development Kit’gacha (SDK) ishlab chiquvchilarga qulay vositalarni taqdim etmoqda.

 

VXT bilan keyingi avlod raqamli displey yechimlari

Samsung kontentni ishlab chiqarish, ishlatish va boshqarish uchun Visual Experience Transformation (VXT), uning dasturiy platformasi va unga hamroh boʻlgan kontentni boshqarish yechimi (CMS) bilan raqamli displey yechimlarining keyingi avlodini namoyish etdi. Pre-Integrated Repeatable Solution (PIRS) & Widget and Extension (WiNE) Framework bilan sunʼiy intellektga asoslangan chatbotdan foydalangan holda VXT samarali, soddalashtirilgan raqamli displey yechimlarini taqdim etadi va ishlab chiquvchilarga bunday yechimlarni muammosiz birlashtirish va platformadagi jarayonlarni soddalashtirish imkonini beradi.

 

Tizen jahon darajasidagi samaradorlikka erishish uchun qurilma ichidagi AI’dan foydalanadi

Samsung kompaniyasining katta operatsion tizimi — Tizen oʻzining sanoatdagi yetakchi tajribasini koʻplab qurilmalar va xizmatlarga olib kirayotgan paytda Samsung sunʼiy intellektni qoʻllab-quvvatlaydigan maʼlum maishiy texnikalarni AI Home[4] — 7 dyuymli LCD sensorli displey bilan jihozladi.

 

Tizen, shuningdek, Tizen AI xizmatlari bilan kuchaytirilmoqda. Samsung Neural Processing Unit (NPU) tomonidan quvvatlangan, Samsung mahsulotlariga moslanishi va foydalanuvchi ehtiyojlariga javob berish uchun optimallashtirilgan Tizen AI xizmatlari televizor tomosha qilish yoki video qoʻngʻiroqlar qilish paytida aks-sado va shovqin darajasini nazorat qilishdan tortib, qaydlarni toʻldirishni yaxshilash uchun foydalanuvchilarning yozish uslublarini tahlil qilishgacha boʻlgan aqlli, xavfsizroq va moslashtirilgan imkoniyatlarni taqdim etadi.

 

Samsung’ning sunʼiy intellektdan yanada kengroq foydalanishga sodiqligi Tizen va Galaxy ekotizimlari oʻrtasidagi kuchli oʻzaro muvofiqlikda ham namoyon boʻladi. Foydalanuvchilarga bir xil Bluetooth vositalari, jumladan, sichqoncha va klaviaturalar yordamida smartfon va planshetlarida harakatlanish va boshqarish imkonini beruvchi Multi-Control funksiyasi smart monitorlar va Tizen televizorlarida ham ishlaydi.

 

Samsung ishlab chiquvchilar uchun Tizen’ni RISC-V[5] asosida yaratdi va RISC-V bilan ishlab chiqilgan Tizen ilovalari uchun yangi SDK 2026-yilda taqdim etiladi.

 

Tizen operatsion tizimi Flutter‘ni — kross-platformali ilova yaratish tizimining soʻnggi versiyasini qoʻllab-quvvatlaydi va dastur ishlab chiquvchilari uchun yuqori darajali debaglash va profillash kengaytmalarini taqdim etishda davom etadi.

 

SmartThings sunʼiy intellekt yordamida yangi bosqichga chiqadi va sogʻliqni saqlash imkoniyatlarini kengaytiradi

 

Soʻnggi oʻn yil ichida Samsung SmartThings 350 milliondan ortiq obunachi va 340 dan ortiq “SmartThings bilan ishlaydi” (WWST) hamkorlari bilan eng yirik oʻzaro bogʻlangan platformalardan biriga aylandi.

 

Samsung yuqori darajadagi SmartThings imkoniyatlarini vujudga keltirish va kengroq hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishni oʻrganish uchun ilgʻor AI texnologiyasidan foydalanmoqda. SmartThings kompaniyaning mahsulot va xizmatlarini ajratib turadigan innovatsion texnologiya sifatida asosiy rolni oʻynaydi.

 

SmartThings’ga shu oyda keladigan asosiy yangilanishlardan biri bu Home Insight[6] boʻlib, u uy imkoniyatlarini yaxshilash uchun jonli ravishda toʻplangan foydalanuvchi maʼlumotlari, isteʼmol usuli, qurilma tarixi va uy statistikasini tahlil qiladi. Shuningdek, u kunning yoki mavsumning maʼlum bir vaqtida uydan uzoqda boʻlganingizda boʻsh turgan qurilmalarni oʻchirish kabi uyni optimallashtirish funksiyalarini tavsiya qiladi. Bundan tashqari, Galaxy Tab S10 plansheti Home Insight vidjeti bilan jihozlangan boʻlib, undan uyni kuzatish va boshqarish uchun uy paneli sifatida qulay foydalanish mumkin.

 

Shuningdek, Samsung ekrani bor barcha mahsulotlarini SmartThings Hub‘ni ishga tushira oladigan qilish rejasini namoyish qildi. Bu Samsung qurilmalarini uyga gʻamxoʻrlik qilish uchun birgalikda ishlashini yaxshilaydi va hatto hamkor qurilmalar bilan ulanuvchanlikni ham oʻz ichiga oladi. Rejaga SmartThings Hub asosidagi Edge AI[7] texnologiyasi qoʻshilgan boʻlib, u uyning oʻzaro bogʻlangan qurilmalariga sunʼiy intellekt imkoniyatlarini oʻrnatib, chinakam sunʼiy intellekt bilan takomillashtirilgan uyni vujudga keltirishga hissa qoʻshadi.

 

Ochiq hamkorlik va innovatsiya ruhida Samsung oʻzining soʻnggi SmartThings hamkorliklari haqida tafsilotlarni ulashdi. 2025-yilda Samsung Wallet ichidagi Digital Home Key’ga SmartThings Door Lock funksiyasini qoʻshadigan Schlage[8] va Aqara[9] kabi turli xil aqlli kalit ishlab chiqaruvchilari bilan yangi hamkorliklar shular jumlasidan edi.

 

Barqarorlik, xususan, SmartThings va Kohler oʻrtasidagi hamkorlik bilan taʼkidlandi.[10] Kohler‘ning barqaror turmush tarzi boʻyicha bosh direktori (AQSh) Laura Kohler ushbu yangi integratsiya foydalanuvchilarga aqlli dush kallaklari va joʻmraklar bilan foydalanish suv isteʼmolini kamaytirishga qanday yordam berishini tushuntirish uchun sahnada SmartThings ijrochi prezident oʻrinbosari va rahbari Jaeyeon Jungga qoʻshildi.

 

Ulanuvchanlik standartlari ittifoqi (CSA) rahbari Tobin Richardson masofadan eʼlon qildiki, Samsung SmartThings Matter[11] 1.3 standartini qabul qilgan birinchi xizmat boʻlib, Matter ekotizimini doimiy qoʻllab-quvvatlash va kengaytirishda hal qiluvchi rol oʻynaydi.

 

Shuningdek, Samsung oʻzining SmartThings va Samsung Health xizmatlari oʻrtasida yaqinroq integratsiya oʻrnatishini namoyish etdi. Dexcom[12] uzluksiz glyukoza monitoringi tizimi (CGM) kompaniyasining texnik direktori Girish Naganathan foydalanuvchilar va ularning yaqinlari uchun uyda sogʻliqni saqlashning yanada moslashtirilgan, qulay nazorati boʻyicha kompaniyalarning umumiy qarashlarini muhokama qilish uchun Samsung bilan sahnaga chiqdi.

 

Xavfsizlik — AI davrining poydevori

Nihoyat, Samsung mustahkam xavfsizlik va maxfiylik standartlariga sodiqligini taʼkidlashda davom etdi. Samsung Knox bilan kompaniya eng soʻnggi AI imkoniyatlari hech qachon shaxsiy maʼlumotlarni oshkor qilishni talab qilmasligini taʼminlash uchun xavfsizlik boshqaruvini kuchaytirishga sarmoya kiritishda davom etmoqda. Blokcheynga asoslangan, koʻp qurilmali xavfsizlik yechimi boʻlgan Knox Matrix koʻp qurilmali imkoniyatlar boʻyicha xavfsizlikni yanada oshirish uchun mobil qurilmalardan televizorlar va maishiy texnikagacha kengayadi.

 

Samsung, shuningdek, 2025-yilda Tizen televizorlari, AI Family Hub™ li sovitkich va AI Home’ga ega maishiy texnikalarga Passkey‘ning kengayishini taʼkidladi. Passkey foydalanuvchilarga mobil QR kodni skanerlash orqali veb-brauzerga asoslangan loginlarni qoʻllab-quvvatlagan holda katta qulaylik va mustahkam xavfsizlikni taʼminlaydi.

 

Ushbu xususiyatlarning har biri foydalanuvchilarga yanada mustahkam xavfsizlikni taʼminlash, ishlab chiquvchilarni qoʻllab-quvvatlash va yangi AI davrimizdan maksimal darajada foydalanish uchun sunʼiy intellektga asoslangan eng soʻnggi va eng yaxshi innovatsiyalarni taqdim etuvchi qurilmalarni rivojlantirishda muhim rol oʻynaydi.

 

Samsung ishlab chiquvchilar, ijodkorlar va hamkorlar va boshqalarni ochiq innovatsiyalar va oʻzaro bogʻlanish orqali ajoyib qulayliklarni yuzaga keltirish saʼy-harakatlariga qoʻshilishga chorlaydi. SDC24 haqida qoʻshimcha maʼlumot olish uchun www.developer.samsung.com/sdc saytiga tashrif buyuring.

 

 

 

[1] 2024-yil mart oyi holatiga koʻra, AI Vision Inside yangi meva va sabzavotlar kabi 33 tagacha oziq-ovqat mahsulotlarini aniqlay oladi. Agar oziq-ovqat mahsuloti aniqlanib boʻlmasa, u nomaʼlum mahsulot sifatida roʻyxatga olinishi mumkin. AI Vision Inside muzlatkich eshigi qutilari yoki muzlatkichdagi biron-bir oziq-ovqat mahsulotlarini aniqlay olmaydi yoki roʻyxatga olmaydi. U oziq-ovqat mahsulotlarini chuqur oʻrganish modellari asosida aniqlaydi va aniqlikni oshirish uchun vaqti-vaqti bilan yangilanishi mumkin.
[2] Yangilanish 2024-yilda sotuvga chiqarilgan qurilmalar uchun, jumladan, AI Family Hub™ ga ega 4 ta fransuz eshikli sovitkich; Bespoke AI Laundry Combo™; Bespoke Slide-in Range; Bespoke Jet Bot Combo™ AI va Bespoke AI WindFree™ Gallery Freestanding konditsionerlari.
[3] Bu funksiya hozirda ayrim sovitkichlar va kir yuvish mashinalarida mavjud.
[4] AI Home’da mavjud boʻlgan barcha xizmatlar sunʼiy intellekt ekanligini yoki sunʼiy intellekt yordamida maʼlumot yoki natijalarni yaratayotganini anglatmaydi. AI Home orqali mavjud boʻlgan AI Smart Dial, AI Wash & Dry va Bixby ovoz funksiyalari sunʼiy intellektga asoslangan algoritmlardan foydalanadi va aniqlikni oshirish uchun vaqti-vaqti bilan yangilanishi mumkin. AI’ga asoslangan algoritmlar toʻliq boʻlmagan yoki notoʻgʻri maʼlumotlar yaratishi mumkin.
[5] RISC-V “Kamaytirilgan koʻrsatmalar toʻplami kompyuteri” qisqartmasi boʻlib, u murakkab operatsiyalarni tezroq va samaraliroq qayta ishlash imkonini beruvchi CPU buyruqlarining kombinatsiyasi hisoblanadi.
[6] Xulosalash va taklif funksiyalari hozirda faqat AQSh va Koreyada mavjud va 24.10 dan boshlab sekinlik bilan boshqa mintaqalarga ham kengayadi. Qoʻllab-quvvatlanadigan qurilmalar Galaxy smartfonlari, planshetlari va Samsung smart televizorlari boʻlib, ularni yanada kengaytirish rejalari mavjud.
[7] Edge AI — bulutdan foydalanmasdan uyda yuqori unumdor qurilmalar yordamida maʼlumotlarni qayta ishlaydigan texnologiya. Bu maʼlumotlarni tezkor qayta ishlash va yanada mustahkam xavfsizlikni taʼminlaydi.
[8] https://www.schlage.com/en/home.html
[9] https://www.aqara.com/en/
[10] https://www.kohler.com/en
[11] Matter: CSA (Connectivity Standards Alliance) tomonidan qurilmalar oʻrtasida oʻzaro muvofiqlikni yaxshilash uchun tan olingan ulanuvchanlik standarti.
[12] https://www.dexcom.com/

Pressa uchun > Press-relizlar

Korporativ > Texnologiyalar

Yuklab olish

  • Samsung-Corporate-Technology-SDC24-10-Years-of-SDC-AI-Innovation_dl1-FINAL.jpg

  • Samsung-Corporate-Technology-SDC24-10-Years-of-SDC-AI-Innovation_dl2-FINAL.jpg

  • Samsung-Corporate-Technology-SDC24-10-Years-of-SDC-AI-Innovation_dl3-FINAL.jpg

Mijozlarga xizmat koʻrsatishga aloqador har qanday masala boʻyicha yordam uchun https://www.samsung.com/uz_uz/info/contactus/ ga kiring.
Media fayllar soʻrovi boʻyicha u.nargiza@samsung.com ga kiring.

Samsung haqidagi oxirgi maqolalar bilan tanishing

Batafsil
Yuqoriga