Samsung va OpenAI global AI infratuzilmasidagi texnologiyalar rivojini tezlashtirish uchun strategik hamkorlikni eʼlon qildi
Samsung ilgʻor yarimoʻtkazgichlar, maʼlumotlar markazlari, kemasozlik, bulut xizmatlari va dengiz texnologiyalari boʻyicha sanoatning yetakchi texnologiyalari va innovatsiyalarini birlashtiradi
![]()
Samsung SDS, Samsung C&T va Samsung Heavy Industries bugun global AI infratuzilmasidagi texnologiyalar rivojini tezlashtirish va tegishli sohalarda kelajak texnologiyalarini birgalikda ishlab chiqish boʻyicha strategik hamkorlik uchun maqsadli maktub (Letter of intent; LOI) joʻnatganini eʼlon qildi. Ushbu keng qamrovli hamkorlik Samsung kompaniyalarining yarimoʻtkazgichlar, maʼlumotlar markazlari, kemasozlik, bulut xizmatlari va dengiz texnologiyalari boʻyicha jamoaviy kuch va yetakchiligini birlashtiradi.
Imzolash marosimi Koreyaning Seul shahridagi Samsung korporativ bosh qarorgohida boʻlib oʻtdi. Unda Samsung Electronics prezident oʻrinbosari va bosh direktori Yang Hyon Jun (Young Hyun Jun), Samsung Heavy Industries prezident oʻrinbosari va bosh direktori Son An Choy (Sung-an Choi), Samsung C&T kompaniyasi prezidenti va bosh direktori Sechul O (Sechul Oh) va Samsung SDS prezidenti va bosh direktori Junhi Li (Junehee Lee) ishtirok etishdi.
Samsung Electronics
Samsung Electronics OpenAI’ning strategik xotira qurilmalari hamkori sifatida uning global Stargate tashabbusi uchun ilgʻor yarimoʻtkazgich yechimlarini yetkazib beradi. OpenAI xotira qurilmalariga boʻlgan talab oyiga 900,000 dona DRAM’ga yetishi kutilayotganligi sababli Samsung oʻzining yuqori samarali, energiya tejovchi DRAM yechimlarining keng kategoriyasi bilan ushbu ehtiyojni qondirishga hissa qoʻshadi.
Yaxlit yarimoʻtkazgich yechimlarini yetkazuvchi kompaniya sifatida Samsung’ning yetakchi texnologiyalari xotira, protsessor va chip ishlab chiqarish boʻyicha turli xil mahsulot portfeliga ega boʻlib, kompaniya AI’ni oʻqitishdan tortib, ishga tushirishgacha boʻlgan toʻliq ish jarayonini qoʻllab-quvvatlaydi.
Shuningdek, kompaniya chiplarni ilgʻor qadoqlash hamda xotira va tizim yarimoʻtkazgichlari oʻrtasidagi turli integratsiyada oʻzgacha imkoniyatlarni taqdim etadi. Bu OpenAI uchun noyob yechimlarni beradi.
Samsung SDS
Samsung SDS AI maʼlumotlar markazlarini birgalikda ishlab chiqish va korporativ AI xizmatlarini taqdim etish uchun OpenAI bilan potensial hamkorlikka kirdi.
Ilgʻor maʼlumotlar markazi texnologiyalari boʻyicha oʻz tajribasidan foydalangan holda Samsung SDS Stargate AI maʼlumotlar markazlarini loyihalash, ishlab chiqish va ishlatishda OpenAI bilan hamkorlik qiladi. Maqsadli maktub doirasida Samsung SDS endi OpenAI AI modellarini ichki tizimlariga integratsiyalamoqchi boʻlgan korxonalar uchun konsalting, oʻrnatib berish va menejment xizmatlarini taqdim etishi mumkin.
Bundan tashqari, Samsung SDS Koreyada OpenAI xizmatlari uchun reseller hamkorligini imzoladi va mahalliy kompaniyalarga OpenAI’ning ChatGPT Enterprise takliflarini qoʻllashda yordam berishni rejalashtirmoqda.
Samsung C&T va Samsung Heavy Industries
Samsung C&T va Samsung Heavy Industries global AI maʼlumotlar markazlarini rivojlantirish uchun OpenAI bilan hamkorlik qiladi. Ular ayniqsa joylashuvini koʻchirish oson boʻlgan maʼlumotlar markazlarini birgalikda rivojlantirishga eʼtibor beradi.
Bunday maʼlumotlar markazlari oddiy maʼlumotlar markazlariga nisbatan afzalliklarga ega, chunki ular yer tanqisligini bartaraf etishi, sovitish xarajatlari va uglerod chiqindilarini kamaytirishi mumkin. Biroq ularning texnik jihatdan murakkabligi shu paytgacha keng tatbiqqa yoʻl bermadi.
Samsung C&T va Samsung Heavy Industries oʻzlarining xususiy texnologiyalariga asoslanib, bu turdagi maʼlumotlar markazi infratuzilmasidan tashqari joylashuvini koʻchirish oson boʻlgan elektr stansiyalari va boshqaruv markazlari loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganadilar.
OpenAI bilan muhim hamkorlikdan boshlab, Samsung Koreyaning sunʼiy intellekt boʻyicha dunyodagi eng yaxshi uch davlatdan biriga aylantirish maqsadlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlash va bu sohada yangi imkoniyatlar yaratishni rejalashtirmoqda.
Samsung AI transformatsiyasini osonlashtirish borasida kompaniyalar ichidagi ish joylarida ChatGPT’ni kengroq qoʻllash usullarini oʻrganmoqda.
###
OpenAI haqida
OpenAI – bu AI tadqiqot va AI’ni oʻrnatib berish kompaniyasi. Bizning vazifamiz umumiy sunʼiy intellekt butun insoniyatga foyda keltirishini taʼminlashdir.
Samsung C&T korporatsiyasi haqida
Samsung C&T xalqaro korporatsiya boʻlib, toʻrtta biznes guruhiga ega: muhandislik va qurilish, savdo va sarmoya, moda hamda kurort. Ular birgalikda 50 dan ortiq mamlakatlarda xizmat va mahsulotlarni taqdim etadilar. 1938-yilda treyding firmasi sifatida ish boshlagan Samsung C&T Samsung nomi ostida faoliyat yuritgan birinchi kompaniya boʻlgan. Samsung C&T haqida batafsil maʼlumot uchun http://www.samsungcnt.com sahifasiga tashrif buyuring.
Samsung Heavy Industries Co., Ltd haqida.
Samsung Heavy Industries Co., Ltd. (SHI) dunyodagi yetakchi kema quruvchilardan biri hisoblanadi. 1974-yilda tashkil etilgan kompaniya doimiy ravishda muhandislik va qurilish sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirib, Janubiy Koreyadagi eng yaxshi kema quruvchisi sifatidagi mavqeyini mustahkamladi hamda kemasozlik va dengiz biznesida turli loyihalarni amalga oshirdi. Kompaniya keng kategoriyali kemalar va dengiz inshootlarini loyihalash, xarid qilish, qurish va yetkazib berishda keng qamrovli tajribaga ega. Kompaniya ayniqsa yuqori texnik va qiymatga ega boʻlgan kemalarni, jumladan: LNG tashuvchisi, konteyner kemasi, FPSO, FLNG va boshqalarni qurishdagi imkoniyatlari bilan eʼtirof etilgan. Kompaniya sanoatning asosiy innovatori boʻlib, Arctic Shuttle-Tanker va FLNG kabi “dunyodagi birinchi” mahsulotlarni ishlab chiqish va yaratish tarixiga ega. Batafsil maʼlumot olish uchun https://www.samsungshi.com saytiga tashrif buyuring.
Samsung SDS Co., Ltd haqida
Maʼlumotlar va hisoblash texnologiyalari sohasida yetakchi boʻlgan Samsung SDS generativ sunʼiy intellekt texnologiyasini bulutli va raqamli logistika bilan birlashtirib, kompaniyalarning giper avtomatlashtirish innovatsiyalarida yetakchilik qiladi.
Samsung SDS korxonalar uchun optimal Samsung Cloud Platform (SCP), 40 yillik sanoat tajribasini aks ettiruvchi yaxlit boshqariladigan xizmatlar va biznes innovatsiyalari uchun SaaS yechimlaridan foydalanish orqali kompaniyalarga ularning mahsuldorligi va raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, Samsung SDS logistika operatsiyalari samaradorligini oshirish va maʼlumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishni qoʻllab-quvvatlash uchun Cello Square raqamli yuk tashish platformasi asosida global integratsiyalashgan logistika xizmatlarini taqdim etadi.
TAGSAI for All
Korporativ > Texnologiyalar
Agar siz mijoz bo‘lsangiz, iltimos, quyidagi sahifaga o‘ting: samsung.com
OAV va media uchun: sh.khalilova@partner.samsung.com