Samsung Wallet Mercedes-Benz uchun raqamli kalitni joriy qildi
Samsung Galaxy foydalanuvchilari Mercedes-Benz avtomobillari uchun Samsung Walletʼdagi raqamli kalit bilan mislsiz qulaylik va xavfsizlikdan bahramand boʻlishadi
SEOUL, Koreya – 25-iyun, 2025-yil – Samsung Electronics Co., Ltd bugun Samsung Wallet 2025-yil iyul oyidan boshlab Mercedes-Benz avtomobillari uchun raqamli kalitlarni qoʻllab-quvvatlashini eʼlon qildi. Ushbu yangi integratsiya bilan Galaxy foydalanuvchilari[1] endi Mercedes-Benz avtomobillarini oʻzlarining smartfonlaridan qulflash, ochish va oʻt oldirishlari mumkin boʻladi[2].
“Biz Mercedes-Benz egalariga Samsung Digital Key bilan birga keladigan ajoyib qulaylikni taqdim qilishdan xursandmiz, — dedi Samsung Electronics kompaniyasining Mobile eXperience (MX) Business Digital Wallet jamoasi rahbari va ijrochi prezident oʻrinbosari Vonchxol Chai (Woncheol Chai). — Mercedes-Benz bilan hamkorligimiz Galaxy ekotizimida texnologiyaga asoslangan qulayliklardan oson foydalanishni taʼminlashga oid tasavvurimizni yanada rivojlantiradi”.
“Mijozlarimizga qulaylik va hashamat bagʻishlash bizning ustuvor vazifamiz ekan, biz doim ularga eng yaxshi avtomobil qulayliklarini taqdim etishga intilamiz, — dedi Mercedes-Benz AG kompaniyasining Body-/Comfort-E/E, UI komponentlari direktori Stefan Blossi. — Samsung Digital Key’ning kompaniyamizga keltiradigan foydasi mijozlarimizga oʻz avtomobillaridan qulay foydalanish va ulanuvchanlikni taklif qilishda davom ettirish imkonini beradi”.

Samsung Wallet serqirra platforma boʻlib, u Galaxy foydalanuvchilariga raqamli kalitlar, toʻlov usullari, identifikatsiya kartalari va boshqa barchasini yagona xavfsiz va qulay ilovada taqdim etadi. 2022-yil iyun oyida ishga tushirilgan Samsung Wallet Samsung Knox[3] tomonidan hukumat darajasidagi xavfsizlik bilan himoyalangan qulay interfeysni taklif etadi. U foydalanuvchilarning kundalik hayotida kuchli ulanuvchanlik va mustahkam xavfsizlikni taqdim etib, keng Galaxy ekotizimida tabiiy ravishda uygʻunlashadi.
Samsung Wallet’ga Mercedes-Benz Digital Key qoʻshilishi bilan foydalanuvchilar shundoqqina qoʻlda boshqariladigan yangicha qulaylik darajasini his qilishlari mumkin. Avtomobilga oʻtirgach, Samsung raqamli kaliti funksiyasi haydovchilarga jismoniy kalitsiz yoki hatto smartfonini choʻntaklaridan chiqarmasdan ham avtomobilni oʻt oldirish imkonini beradi. Shuningdek, ular raqamli kalitni doʻstlari yoki oila aʼzolari bilan ulashish uchun qulay va xavfsiz interfeysdan foydalana olishadi. Bu orqali erkin ravishda avtomobildan foydalanishga ruxsat berish yoki cheklov qoʻyish mumkin.

Mercedes-Benz raqamli kalitining Samsung Wallet bilan integratsiyalashuvi Galaxy’ning foydalanuvchilar uchun xavfsiz va ishonchli mobil aloqa qulayliklarini taʼminlash majburiyati bilan ham quvvatlanadi. Raqamli kalitlar xavfsiz tarzda qurilma ichiga oʻrnatilgan boʻlib, EAL6+[4] mustahkam xavfsizlik standartlariga javob beradi va ruxsatsiz boshqaruvdan himoya qiladi. Car Connectivity Consortium (Avtomobillar ulanuvchanligi konsortsiumi) tomonidan oʻrnatilgan, standartlashtirilgan aloqa protokoli boʻlgan ultra keng tarmoq (UWB) texnologiyalaridan foydalangan holda raqamli kalit funksionallikni yuqori aniqlikda taʼminlaydi va avtomobil boshqaruviga ega chiqish urinishlari xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.
Raqamli kalitga ega qurilma unutib qoldirilsa yoki oʻgʻirlatilsa, foydalanuvchilar Samsung Find xizmati orqali raqamli kalitlarni masofadan turib qulflashlari yoki oʻchirib tashlashlari mumkin. Bu qoʻshimcha himoya qatlamini taqdim etadi. Biometrik yoki PIN kodga asoslangan foydalanuvchi autentifikatsiyasi orqali esa Samsung Wallet avtomobillarni ehtiyotkorlik bilan himoya qiladi hamda har bir oʻzaro aloqa shaxsiy va xavfsiz boʻlishini taʼminlaydi.
Mavjudligi
Muayyan Mercedes-Benz avtomobillari uchun raqamli kalit funksiyasi 2025-yil iyul oyidan boshlab dunyoning ayrim hududlarida[5] ishga tushiriladi. Foydalanuvchilar raqamli kalitlarini Mercedes me ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtkazishlari mumkin.
| Mercedes-Benz AG haqida qisqacha
Mercedes-Benz AG butun dunyo boʻylab jami 175,000 ga yaqin xodimlarga ega Mercedes-Benz Group AG tarkibiga kiradi va Mercedes-Benz Cars va Mercedes-Benz Vans global biznesiga masʼuldir. Ola Kellenius (Ola Källenius) — Mercedes-Benz AG boshqaruv kengashi raisi. Kompaniya asosan yengil avtomobillar, furgonlar va transport vositalari bilan bogʻliq xizmatlarni ishlab chiqish, terish va sotish bilan shugʻullanadi. Bundan tashqari, kompaniya elektromobillik va avtomobil dasturiy taʼminoti sohasida yetakchi boʻlishga intiladi. Mahsulotlar portfeli Mercedes-AMG, Mercedes-Maybach va G-Class bilan jihozlangan Mercedes-Benz brendi, shuningdek, ularning toʻliq elektr modellari hamda smart brendi mahsulotlarini oʻz ichiga oladi. Mercedes-Benz AG yengil avtomobillar ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. 2024-yilda u 2.4 millionga yaqin yengil avtomobil va furgonlarni sotdi. Mercedes-Benz AG oʻzining ikkita biznes segmentida toʻrtta qitʼada 30 dan ortiq ishlab chiqarish maydonlari bilan butun dunyo boʻylab ishlab chiqarish tarmogʻini doimiy ravishda kengaytirib, elektromobillik talablariga javob berishga tayyorlanmoqda. Shu bilan birga, kompaniya uchta qitʼada oʻzining global akkumulyator ishlab chiqarish tarmogʻini qurib, kengaytirmoqda. Barqarorlik Mercedes-Benz strategiyasi va kompaniyaning birlamchi tamoyili boʻlgani uchun bu barcha manfaatdor tomonlar — mijozlar, xodimlar, investorlar, biznes hamkorlar va butun jamiyat uchun doimiy qiymat yaratish demakdir. Buning zamirida Mercedes-Benz Group’ning barqaror biznes strategiyasi yotadi. Shu tarzda kompaniya oʻz biznes faoliyatining iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy oqibatlari uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi va qiymat yaratishning to‘liq zanjirini nazorat qilib boradi.
|
| [1] Samsung Wallet Digital Key ayrim qurilmalarda qoʻllab-quvvatlanadi. Jumladan, Galaxy S21 Ultra/S21+, S22 Ultra/S22+, S23 Ultra/S23+, S24 Ultra/S24+, S25 Ultra/S25+, S25 Edge, Z Fold3, Z Fold4, Z Fold5, Z Fold6, Z Fold Special Edition.
[2] Raqamli avtomobil kalitini qoʻllab-quvvatlaydigan Mercedes-Benz avtomobillari mintaqaga qarab farqlanadi. AQSHda bularga quyidagilar kiradi: E-Class Sedan W214, E-Class Wagon S214, Mercedes-Maybach EQS SUV Z296, EQS Sedan V297, EQS SUV X296, EQE Sedan V295, EQE SUV X294, S-Class Sedan W223, S-Class Sedan Long V223, Mercedes-Maybach S-Class Z223, Mercedes-AMG GT Coupé C192, Mercedes-AMG SL R232, Mercedes-Maybach SL Z232, C-Class Saloon W206, C-Class Estate S206, GLC SUV X254, GLC Coupé C254. Mintaqalar boʻyicha toʻliq taqsimot uchun https://moba.i.mercedes-benz.com/baix/cars/dck-compatibility/landingpage/index.html havolasiga tashrif buyuring.
[3] Samsung Knox butun dunyo boʻylab hukumatlar va yirik korxonalar tomonidan qoʻyilgan qatʼiy xavfsizlik talablariga muvaffaqiyatli javob berdi va biznes foydalanuvchilariga mustahkam mobil xavfsizlik yechimini taqdim etdi. Qoʻshimcha maʼlumot uchun quyidagi manzilga tashrif buyuring: https://www.samsungknox.com/en/knox-platform/knox-certifications
[4] Evaluation Assurance Level6+ (6+ darajali kafolat bahosi) ga erishish uchun mahsulot maxsus yon kanalli hujumlar yoki boshqa rivojlangan hujum vektorlaridan himoyaga egaligini isbotlashi, shuningdek, mahsulotning xavfsizlik funksiyalarini qoʻshimcha va yanada kengroq sinovlardan oʻtkazish va tekshirish lozim.
[5] Mavjud hududlarga quyidagilar kiradi: Abu Dabi, Avstraliya, Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Kanada, Xorvatiya, Kipr, Chexiya, Daniya, Dubay, Estoniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Vengriya, Hindiston, Irlandiya, Italiya, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Malayziya, Yangi Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Singapur, Slovakiya, Sloveniya, Janubiy Afrika, Janubiy Koreya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveytsariya, Tayvan, Tailand, Buyuk Britaniya va AQSH. |
Qurilmalar > Mobil
Pressa uchun > Press-relizlar
Agar siz mijoz bo‘lsangiz, iltimos, quyidagi sahifaga o‘ting: samsung.com
OAV va media uchun: sh.khalilova@partner.samsung.com