Samsung’ning ochiq hamkorlik orqali global maqsadlarga erishishdagi saʼy-harakatlari

18/11/2024
Share open/close
Havola nusxalandi.

BMTTD bilan hamkorlikning beshinchi yilini nishonlar ekanmiz, biz dasturlarimiz orqali erishgan taʼsir va yutuqlarimizni Galaxy hamjamiyatiga baham koʻrishni toʻgʻri deb topdik.

 

Samsung Electronics kichik saʼy-harakatlar katta taʼsir koʻrsatishi mumkin deb hisoblaydi, ayniqsa hamfikrlar bilan hamkorlik qilinganda. Oxirgi besh yil davomida Samsung va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) yagona umumiy maqsad — global oʻzgarishlarni amalga oshirish uchun texnologiyadan foydalanish boʻyicha hamkorlikda ishlab keldi.

 

Bu missiyaning markaziy qismi yoshlarning, xususan, 80-90-yillar va Z avlodining salohiyatiga ishonch bildirishdir. Texnologiyani yaxshi biladigan global fuqarolar sifatida ularning optimizmi va ishonchi iqlim oʻzgarishi va ijtimoiy tenglik kabi dolzarb masalalarda taraqqiyotga turtki beradi. Toʻgʻri vositalar va platformalar bilan ular siyosatchilar va bizneslarni barqaror kelajak sari yetaklash qudratiga ega.

 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror Taraqqiyot Maqsadlarini (SDG) 2030-yilgacha bajarish muddati yaqinlashar ekan, Samsung va BMTTD Global maqsadlarga sodiq qoladi. Ikkala tashkilot ham innovatsiyalarga birinchi darajali ahamiyat berish orqali real taʼsirlar yaratishda sezilarli yutuqlarga erishdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti kunini nishonlash munosabati bilan Samsung kompaniyasi Samsung Global Goals ilovasi va Generation17 kabi tashabbuslari orqali Global maqsadlar haqida xabardorlikni oshirishda erishilgan yutuqlarini taʼkidlab, besh yillik munosabatlari haqida hisobot chiqardi.

 

“Biz kelajak avlodlar uchun yaxshiroq hayot yaratish va texnologiyadan katta manfaatlar uchun foydalanishda jamoaviy saʼy-harakatlar kuchiga ishonamiz”, dedi Samsung Electronics kompaniyasining marketing boʻlimi va mobile eXperience biznesi ijrochi prezident oʻrinbosari va rahbari Stefani Choy (Stephanie Choi). “Bizning BMTTD bilan soʻnggi besh yil davomidagi hamkorligimiz taraqqiyot yoʻliga qoʻyilgan muhim bir qadam boʻldi va biz oʻzgartiruvchi yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va Global maqsadlar haqida xabardorlikni oshirish uchun birgalikda ishladik. Biz hamma uchun porloq kelajak shakllanishiga hissa qoʻshish imkoniyatidan minnatdormiz va Galaxy hamjamiyati bilan 2030-yilgacha davom etadigan sayohatimiz oxirida nimalarga erisha ekanmiz deya oʻsha kunni kutib qolamiz”.

 

“Dunyoning eng katta va dolzarb muammolariga qarshi chiqishning yagona yoʻli bu hamkorlikdir. Samsung bilan hamkorligimiz davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi haqiqiy hamkorlikning kuchini koʻrsatadi”, deya qoʻshimcha qildi BMTTD maʼmuri Ahim Shtayner (Achim Steiner). “Biz Samsung Global Goals ilovasida ham, Generation17 tashabbusida ham yoshlarga barqaror taraqqiyot maqsadlarni ilgari surish imkoniyatini berishda erishgan yutuqlarimizdan faxrlanamiz. Biz kelgusi yillarda barqaror rivojlanishga erishish uchun hamkorligimiz oldimizdagi toʻsiq va chegaralarni buzib oʻtib, yangicha imkoniyatlarni kashf etishini intiqlik bilan kutamiz.

 

Samsung Global Goals ilovasi

 

▲ Samsung Global Goals ilovasi Galaxy foydalanuvchilariga Global maqsadlar sari oson va hamkorlikda ishlash imkonini beradi

 

Samsung va BMTTD 2019-yilda Samsung Global Goals ilovasini[1] ishga tushirish uchun hamkorlik qildi. Bu platforma Galaxy foydalanuvchilariga 17 ta Global maqsadlar haqida maʼlumot beradi va ularga ilova ichidagi reklamalarni koʻrish orqali ehsonlar kiritish, tashkilot jamgʻarmasini oshirish va ularga bevosita hissa qoʻshish uchun ilovadagi maxsus fon rasmlaridan foydalanish imkonini beradi. Shundan soʻng Samsung ilova ichidagi reklamalardan tushgan barcha daromadlarni koʻpaytiradi va BMTTDning Global maqsadlarini ilgari surish va ularga erishishga hissa qoʻshishdagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hamkorlik saʼy-harakatlarini maksimal darajada oshiradi.

 

Galaxy foydalanuvchilarini kengroq jalb qilish uchun biz 2023-yilda Xayriya yetakchilari ro’yxati kabi yangi interaktiv funksiyalarni taqdim etdik. 2024-yilda faol foydalanuvchilarga minnatdorchilik belgisi sifatida “Minnatdorchilik sovgʻalari” boʻlgan cheklangan nashrda fon rasmlarini ishga tushirdik. Samsung Galaxy smartfonlari va soatlarida mavjud boʻlgan fon rasmlari BMTTD Global maqsadlari tashabbuslari tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan turli jonzotlarni namoyish etadi.

 

▲ Samsung Global Goals ilovasi millionlab Galaxy foydalanuvchilarini jalb qildi va BMTTDning Global maqsadlarni ilgari surish va ularning yutuqlariga hissa qoʻshishdagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun katta mablagʻ toʻpladi

 

Samsung Global Goals ilovasi ishga tushirilgandan buyon deyarli 300 million Galaxy foydalanuvchilariga[2] yetdi va BMTTD uchun 20 million dollardan koʻproq mablagʻ yigʻdi[3]. Foydalanuvchilar 1-maqsad (Qashshoqlikka barham berish), 2-maqsad (Ochlikka barham berish) va 6-maqsadni (Toza suv va sanitariya) oʻzlari uchun birinchi darajali global masalalar deb belgilashdi va bu masalalarga oid qimmatli insaytlarni taqdim etishdi.

 

▲ Galaxy foydalanuvchilari 1-maqsad (Qashshoqlikka barham berish), 2-maqsad (Ochlikka barham berish) va 6-maqsadni (Toza suv va sanitariya) oʻzlarining birinchi darajali vazifalari sifatida belgilashdi

 

Sayohatimiz davom etar ekan, biz jamoaviy harakatlarni targʻib qilish va doimiy oʻzgarishlarni yaratish uchun ilovaning taʼsirini kengaytirishga intilamiz.

 

Generation17

 

2020-yilda Samsung va BMTTD yoshlarning mazmunli oʻzgarishlarni yuzaga keltirish kuchiga ishongan holda Global maqsadlar sari olgʻa siljiyotgan yosh oʻzgartiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Generation17 tashabbusini ishga tushirdi. Tashabbus butun dunyo boʻylab yosh yetakchilarga texnologiya, murabbiylik va tarmoq imkoniyatlarini taqdim etadi. Shu kungacha oltita mintaqada 16 nafar shunday shaxslar qoʻllab-quvvatlandi hamda Samsung va BMTTDning global platformalari orqali ular oʻz hikoyalarini ulashdi.

 

Ushbu tashabbus orqali Generation17 yosh yetakchilari Mobil Jahon Kongressi, BMT Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi Yoshlar Forumi va BMTning Kelajak Harakat Kunlari sammiti kabi yirik global tadbirlarda qatnashish imkoniga ega boʻldi. Ushbu tadbirlarda qatnashish ularga turli sohalardagi global qaror qabul qiluvchilar bilan hamkorlik qilish uchun imkoniyat yaratdi.

 

Atigi toʻrt yil ichida Generation17 orqali BMTTD va Samsung ushbu tashabbus ajoyib natijalarga erishishi va oʻz jamoalariga ajoyib taʼsir koʻrsatishga sezilarli darajada hissa qoʻshganiga ishongan yosh sardorlarni qoʻllab-quvvatladi. Generation17 qimmatli manbalarni taqdim etib, yosh sardorlar uchun eshiklarni ochgan boʻlsa-da, ularning muvaffaqiyati oxir-oqibat oʻzlarining gʻayrati, ijodkorligi, tadbirkorlik koʻnikmalari, tarmoqlari va Global maqsadlarni ilgari surish ishtiyoqidan dalolat beradi. Ushbu oʻzaro saʼy-harakatlar orqali yosh sardorlar bu tashabbus ularning mehnati taʼsirini kengaytirganini his qilishdi, bu ularga jamoalaridagi kengroq auditoriyani qamrab olish, qilinayotgan ishlardan xabardorlikni oshirish va texnologiya kuchi orqali barcha 17 ta global maqsadlarni ilgari surish imkonini beradi.

 

Samsung Newsroom Generation17 yetakchilari Efe Jonson, Tui An Ngo (Thùy Anh Ngô) va Tafara Makaza reproduktiv salomatlik boʻyicha taʼlim, qariyalarga gʻamxoʻrlik, iqtisodiy harakatchanlik va shu kabi muammolarni hal qilish uchun texnologiyadan qanday unumli foydalanayotganini, innovatsion yechimlar oʻzgarish va harakatga qanday turtki berayotganini taʼkidlaydi.

 

Efe Jonson

Nigeriyaning Kaduna shahridan reproduktiv va jinsiy salomatlik himoyachisi, Efe Jonson oʻzining birinchi hayz davrida uyat va tushunmovchilikni boshdan kechirganidan soʻng butun Afrika boʻylab jinsiy va reproduktiv salomatlik bilan bogʻliq tabularni buzish uchun Xari Africa‘ga asos solgan. Xari Afrika qizlarga hayz koʻrish, tug‘uruq nazorati va jinsiy salomatlik kabi mavzularda taʼlim beradi.

 

Xari Africa maktab seminarlari, onlayn kurslar va Efening Just Period It amaliy sogʻliqni saqlash qoʻllanmasi orqali Afrika boʻylab 4,500 qizga taʼsir koʻrsatdi. Endi u 1 million qizni qamrab olish uchun platformasini kengaytirishni maqsad qilgan.

 

▲ Efe Afrika boʻylab qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish va oʻqitish boʻyicha oʻz ishida 1-maqsad (Qashshoqlikka barham), 4-maqsad (Sifatli taʼlim) va 5-maqsadga (Gender tengligi) birinchi darajali ahamiyat beradi

 

Tui An Ngo

 

Tui An Ngo Vyetnamda HASU mobil platformasiga asos soldi. U keksalarning jismoniy, aqliy va ijtimoiy farovonligini yaxshilaydi. Marhum bobosining oilasiga ogʻirligi tushishi qoʻrquvidan ilhomlanib, u Vyetnamning qarigan aholisi ehtiyojlarini qondirish uchun HASU’ni ishlab chiqdi. Ilova qariyalar bilan aloqada va faol boʻlish uchun salomatlik boʻyicha maslahatlar, mashq tartiblari va ijtimoiy forumlarni taqdim etadi.

 

Tui An  oʻtgan yil davomida ichki operatsiyalarni barqarorlashtirish va qariyalar uchun xizmatlarni optimallashtirishga eʼtibor qaratdi va HASU 50,000 dan ortiq shaxslarni qamrab olishiga hissa qoʻshdi. Uning eng yangi dasturi — esdalik yozish xizmati turli toifadagi mijozlarga, jumladan, qimmatli fikrga ega yetakchilar, siyosatchilar va nafaqadagi mutaxassislarga ularning qadrli xotiralarini saqlash va asrab-avaylashda yordam bermoqda.

 

▲ Tui An  Vyetnamdagi keksa odamlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻz ishida 3-maqsad (Salomatlik va farovonlik), 4-maqsad (Sifatli taʼlim) va 10-maqsadga (Tengsizliklarni kamaytirish) birinchi darajali ahamiyat beradi

 

Tafara Makaza

 

Zimbabvelik ijtimoiy tadbirkor va texnolog Tafara Makaza Fixa‘ga hamkorlikda asos soldi. Fixa — norasmiy ishchilarni Afrikadagi xavfsiz va ishonchli bandlik imkoniyatlari bilan bogʻlaydigan raqamli platforma. “Jamiyatdan chetlashtirilgan uchun jamiyat” deb urgʻu berilgan Fixa ishchilarga raqamli profillarni yaratish va ularga rasmiy ish oʻrinlari va moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkonini beradi.

 

Tafara 8,000 dan ortiq ishchilarni 300,000 dan ortiq ish imkoniyatlari bilan bogʻlab, 2021-yilda platforma ishga tushirilgandan beri 2 million dollardan ortiq maosh ajratdi. U butun Afrika boʻylab odamlarga iqtisodiy mustaqillikka erishish imkoniyatini bermoqda.

 

▲ Tafara Afrikada bandlikni yaxshilash boʻyicha oʻz ishida 1-maqsad (Qashshoqlikka barham berish) va 8-maqsadga (Munosib mehnat va iqtisodiy oʻsish) birinchi darajali ahamiyat beradi

 

2030-yil tomon nazar tashlab

 

2030-yil tomon tikilgan koʻz bilan Samsung’ning global taraqqiyotga boʻlgan sadoqati yanada kuchaydi. Kompaniya BMTTD va butun dunyo boʻylab yosh oʻzgartiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash orqali mazmunli oʻzgarishlarni vujudga keltirish uchun jamoaviy harakatni kuchaytirishda oʻzining texnologik tajribasidan foydalanishda davom etmoqda. Samsung Global Goals ilovasi va Generation17 kabi tashabbuslar orqali Samsung barcha uchun yanada barqaror kelajak qurishga bel bogʻlagan.

 

Toʻliq hisobotni yuklab olish uchun bu yerga bosing.

 

 

[1] Rasmda koʻrsatilgan Samsung Global Goals ilovasi namoyish maqsadlarida simulyatsiya qilingan. Mavjudligi va qoʻllab-quvvatlanadigan qurilma modellari bozorga qarab farq qilishi va oʻzgarishi mumkin
[2] 2024-yil sentyabr holatiga umumiy foydalanuvchilar soni
[3] 2024-yil sentyabr holatiga koʻra jami kiritilgan hissa

Qurilmalar > Mobil

Mijozlarga xizmat koʻrsatishga aloqador har qanday masala boʻyicha yordam uchun https://www.samsung.com/uz_uz/info/contactus/ ga kiring.
Media fayllar soʻrovi boʻyicha u.nargiza@samsung.com ga kiring.

Samsung haqidagi oxirgi maqolalar bilan tanishing

Batafsil
Yuqoriga