[SDC24] Maʼruza: oʻn yillik innovatsiyalar va hamma uchun AI sari harakat
Samsung Electronics 3-oktyabr kuni Kaliforniyaning San Xose shahridagi San Xose McEnery konferensiya markazida boʻlib oʻtgan Samsung Developer Conference (Samsung ishlab chiquvchilar konferensiyasi) 2024 (SDC24) doirasida dasturiy taʼminot, xizmat va platformalarga nisbatan oʻz qarashlari va innovatsiyalarini namoyish etdi.
Samsung oʻn yilligi nishonlanadigan SDC24’ga “Hamma uchun AI – oʻn yillik va undan keyin ham davom etadigan ochiq innovatsiyalar” mavzusi ostida dunyo boʻylab 3000 ga yaqin ishlab chiquvchilar, hamkorlar va ommaviy axborot vositalarini taklif etdi.
Samsung Newsroom sunʼiy intellekt yordamida yangi kelajak imkoniyatlarini kuzatish uchun SDC24 koʻrgazmasida ishtirok etdi.
Shaxsiylashtirilgan va xavfsiz AI imkoniyatlari
Tadbir Samsung Electronics kompaniyasining Device eXperience (DX) boʻlimi raisi oʻrinbosari, bosh direktori va rahbari Jong-Hee (JH) Hanning maʼruzasi bilan boshlandi. Oʻz nutqi davomida Han koʻp qurilmali AI texnologiyasi orqali yanada shaxsiylashtirilgan va xavfsiz qulayliklarni taqdim etish haqidagi tasavvurni ochib berdi.
“Kelajakda Samsung qurilmalari kim gapirayotganini aniqlash imkoniyatiga erishadi va foydalanuvchilarga moslashtirilgan funksional imkoniyatlarni taqdim etadi. Qolaversa, uydagi oʻzaro bogʻlangan qurilmalar va sensorlar yanada boshqacha shaxsiylashtirish imkoniyatlarini taʼminlash uchun turar joyingizni hisobga oladi”, — dedi u. “Samsung kompaniyasi mobil qurilmalardan tortib televizorlar va maishiy texnikagacha boʻlgan keng qamrovli mahsulotlar kategoriyasiga ega boʻlganligi sababli biz ushbu moslashtirilgan sunʼiy intellekt imkoniyatlarini taqdim etish uchun eng yaxshi pozitsiyada ekanligimizga ishonaman”.
Samsung Research va Global AI Center ijrochi prezident oʻrinbosari va rahbari Daehyun Kim kompaniyaning AI tadqiqot yoʻnalishi va xavfsizlik texnologiyalari strategiyasini bayon qildi.
“Bizda qurilma ichidagi sunʼiy intellekt va bulutli sunʼiy intellekt imkoniyatlari uchun noyob texnologiya va funksionalliklarga putur yetkazmagan holda maxfiyligingizni himoya qiladigan koʻplab yechimlar mavjud. Hamkorlarimiz bilan olib borilgan faoliyat tufayli bizning matn, tasvir va nutq uchun generativ AI vositalarimiz dunyo yuzini koʻrdi. Ular AI kelajagi haqidagi tasavvurimizni shakllantirishda kalit rolini oʻynaydi”, — deb ta’kidladi Daehyun Kim.
Aqlliroq funksiyalar uchun sunʼiy intellektga asoslangan innovatsiyalar
Samsung mijozlar uchun qulayliklarni yaxshilash yoʻlida mahsulotlar kategoriyasiga sunʼiy intellektni integratsiya qilmoqda. Kompaniya One UI’ni mobil qurilmalardan tashqari Samsung’ning barcha isteʼmol mahsulotlari uchun dasturiy taʼminotga aylantirish rejasini eʼlon qildi.
“Biz yanada koʻproq odamlar sunʼiy intellektdan bahramand boʻlishini istaymiz. Shuning uchun flagman qurilmalarimizdan tashqari, ushbu Galaxy AI imkoniyatlarini A modellariga kengaytiramiz va Galaxy AI’ni butun Galaxy ekotizimiga olib kirishda davom etamiz”, — dedi Framework, R&D va Mobile eXperience (MX) bo‘linmasi ijrochi prezident oʻrinbosari va rahbari Sally Hyesoon Jeong.
Shuningdek, u ishtirokchilarga yaqinlashib kelayotgan One UI 7 haqida qisqacha taqdimot oʻtkazdi. Uning Beta versiyasi joriy yilning oxirigacha ishlab chiquvchilarga taqdim etiladi.
“Biz yangicha UX dizaynini oʻrganmoqdamiz. One UI 7 butun interfeysga yangilik olib kiradi” — deb qoʻshimcha qildi Jeong.
“Biz uy jihozlarini boshqarish va foydalanuvchi imkoniyatlarini yaxshilash uchun Bixby’ni AI uyga integratsiya qilishning yangi usullari ustida ishlamoqdamiz, — dedi UX va Digital Appliances (DA) bo‘linmasi prezident oʻrinbosari va rahbari Young Ah Lee. — Bizning Bixby uchun soʻnggi yangilanishimiz maishiy texnika bilan oʻzaro aloqangizni xuddi doʻstingiz bilan gaplashgandek osonlashtirish uchun AI texnologiyasidan foydalanadi”.
Application S/W R&D va Vizual Display (VD) bo‘linmasi prezident oʻrinbosari va rahbari Moon-soo Kim yangilangan Bixby foydalanuvchilarga oddiy ovozli buyruqlar yordamida moslashtirilgan televizor kontentini topish va undan bahramand boʻlishda qanday yordam berishi haqida maʼlumotlarni ulashdi. Samsung AI Cast esa mobil qurilmalardan sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan materiallarni toʻgʻridan toʻgʻri Samsung televizorlariga yoʻnaltirish imkonini beradi.
“Bunday funksiyalar Samsung televizorlarini AI bilan o‘zaro ishlash uchun haqiqatan ham eng yaxshi yechimga aylantiradi”, — dedi u.
Shu yilning yanvarida Samsung kompaniyasi Samsung Visual eXperience Transformation (VXT) — kontentni boshqarishning keyingi avlod yechimini ishga tushirdi. Visual eXperience PM va Visual Display (VD) bo‘linmasi ijrochi prezident oʻrinbosari va rahbari Alex YW Lee foydalanuvchilar sunʼiy intellekt yordamida B2B displeylarini qanday yaratishi va boshqarishi hamda hamkorlarning oldindan integratsiyalangan takrorlanuvchi yechimlarining keng doirasidan qanday foydalanish mumkinligini namoyish etdi.
“VXT kelajagiga nazar tashlar ekanmiz, biz ishlab chiquvchilar hamjamiyatlari bilan hamkorlik qilishning yangi usullarini izlashda davom etamiz. Ushbu yangi ekotizimni shakllantirish va VXT’da dunyoning eng zoʻr ilova va xizmatlarini ishlab chiqarishda bizga qoʻshiling”, — dedi u.
Platforma innovatsiyasi va masʼuliyatli AI
Bundan tashqari, Samsung foydalanuvchilarga yanada moslashtirilgan va uzluksiz imkoniyatlar taqdim etish uchun ochiq hamkorlik va AI’ga tayanadigan soʻnggi SmartThings yangilanishlarini taqdim etdi.
“Biz yaqindagina Home Insight’ni ishga tushirdik, — dedi SmartThings, Device Platform Center ijrochi prezident oʻrinbosari va rahbari Jaeyeon Jung. — U sizning yashash tarzingizni tushunish uchun ishlab chiqilgan boʻlib, uy haqida hisobotlarni taqdim etadi va sizning kommunal isteʼmolingiz, odatlaringiz va hatto yil davomida mavsumlarga moslashtirilgan tavsiyalarni taqdim etadi”.
Samsung Research va Platform prezident oʻrinbosari va rahbari Hobum Kwon Tizen OS Samsung’ning neyron protsessor chiplari bilan quvvatlanadigan sunʼiy intellekt modellarini oʻzida integratsiya qilishi va Galaxy qurilmalari bilan rivojlangan ulanuvchanlikni taqdim etishini taʼkidladi.
“Tizen’ning tartibli va toza dasturiy taʼminot arxitekturasi Tizen qurilmalarini yetti yilgacha OS yangilanishlari bilan taʼminlaydi”, — dedi u.
Platforma innovatsiyasi ilgʻor xavfsizlik texnologiyasi bilan harakatga keltiriladi.
“Samsung sunʼiy intellektni masʼuliyat bilan rivojlantirishga intiladi va unda uchta asosiy sunʼiy intellekt axloqiy tamoyillari mavjud: adolat, shaffoflik va mas’uliyat — bu sifatlar biz amalga oshirayotgan barcha ishlarning zamirida yotadi, — dedi Device Platform Center va xavfsizlikni taʼminlash boʻlimi rahbari Shin Baik. — Biz zaifliklarni aniqlashni avtomatlashtirish kundan kunga kengayib borayotgan tahdidlarga moslashish uchun muhim deb hisoblaymiz. Yaʼni biz yangi mahsulotlarda avtomatlashtirilgan xavfsizlik tekshiruvlarini oʻtkazish uchun AI texnologiyasidan foydalanamiz. Siz buni birinchi boʻlib Tizen mahsulotlarida kuzatasiz va biz bu imkoniyatni Samsung’ning butun mahsulot kategoriyalari va xizmatlariga tarqatishda davom etamiz”.
Ishlab chiquvchilar va hamkorlar bilan kelajak qurish
Taqdimot davomida ishtirokchilar Samsung’ning eng yangi dasturiy taʼminot texnologiyalari va ishlab chiquvchilarni qoʻllab-quvvatlash tashabbuslariga guvoh boʻlishdi. Samsung oʻzining sunʼiy intellekt ekotizimini ishlab chiquvchilar va hamkorlar bilan ochiq hamkorlik orqali rivojlantirishda davom etadi hamda AI davrida kompaniyaning raqobatdosh ustunligini mustahkamlab boradi.
Mijozlarga xizmat koʻrsatishga aloqador har qanday masala boʻyicha yordam uchun https://www.samsung.com/uz_uz/info/contactus/ ga kiring.
Media fayllar soʻrovi boʻyicha u.nargiza@samsung.com ga kiring.