[Intervyu] Odamlar oʻrtasidagi munosabat va hissiyotni ragʻbatlantirish: Karissa Potter x Samsung Art Store

07/06/2024
Share open/close
Havola nusxalandi.

“Umid qilamanki, asarlarim odamlarga ularning qalblarida yoki xayolida qolgan soʻzlarni yuzaga chiqarishga imkon beradi”

 

Karissa Potter oʻzini “munosabatlarga mushtoq odam” deb taʼriflaydi. Rasm chizib chiqartirish, yozuvchilik va oʻrnatma asarlar orqali u shaxslararo munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan ushbu mazmunli maqsadiga erishdi. Uning asarlari turli xil vositalarda mujassam boʻlib, insonlar oʻrtasidagi bunday munosabatlarning nozik jihatlarini chuqur hissiyot va oʻzaro tushunish orqali namoyon etadi.

 

Potter Facebook, Google va Kaliforniyaning Berkli shahridagi Kala Art institutlarida rezidentlik qilgan. Bundan tashqari, uning asarlari San Fransisko zamonaviy sanʼat muzeyi (SFMOMA) va Urban Outfitters’da namoyish etilgan. Oʻzining “People I’ve Loved” kompaniyasi orqali u dunyo boʻylab 600 dan ortiq doʻkonlarni qamrab oldi.

 

Uning mazmunli munosabatlarga boʻlgan istagi uning ishi — soʻzlarni chizmalar bilan birlashtirib, tomoshabinlar oʻrtasida chuqur aks-sado uygʻotadigan asarlar yaratishda yaqqol namoyon boʻladi. Samsung Newsroom Potter bilan oʻzining badiiy sayohati va odamlar bilan rishtalar oʻrnatish uchun sanʼatdan qanday foydalanishi haqida suhbatlashdi.

 

▲ Karissa Potter

 

Badiiy jihatdan oʻziga xoslik va falsafa

 

Savol: iltimos, oʻzingizni qisqacha tanishtirsangiz.

 

Men munosabatlarga mushtoq odamman. Men kitoblar yozaman, suhbatlar qilaman, badiiy oʻrnatma asarlar yarataman hamda matn va tasvirlar orqali hissiyotlarni ifoda etaman. Mening kompaniyam — “People I’ve Loved” 2012-yildan beri Kaliforniyaning Oklend shahrida odamlar va buyumlar oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash uchun turli badiiy obyektlar yaratdi.

 

Savol: ijodiy faoliyatingizda sizni koʻproq nima ilhomlantiradi?

 

Muammolarga yechim topish va biror narsa yaratish orqali xayol surish menga juda katta quvonch bagʻishlaydi. Yoshligimdanoq oʻzimga ijodiy fikrlarni talab qiladigan mushkul savollarni berib kelganman. Qiyin daqiqalarda taslim boʻlmaydigan odamlar qanday fikrlaydi? Qanday qilib maʼnolar maʼnosiz olamda mavjud boʻlishi mumkin?

 

Tuygʻu koʻzgulari mavzu va hikoyalar koʻrinishida

 

Savol: sizning shaxsiy fikr va his-tuygʻularingizni boshqalar bilan baham koʻrishdagi ochiqligingiz tasviriy sanʼat asaringizga alohida bogʻliqlik qatlamini qoʻshadi. Bu ijodingizni qanday shakllantirdi?

 

Tasviriy sanʼat asarlari vizual jihatdan qiziqarli boʻlishi uchun ularda qandaydir hissiy bogʻliqlik boʻlishi kerak. Men oʻz hayotiy tajribalarimni qaysidir maʼnoda aks ettiruvchi stil tomon intilaman. Bunday rasmlar xuddi men xohlagan yoki boshimdan oʻtgan hayotni koʻrsatayotgan oynadek. Qachonki men qiyin, ogʻriqli yoki chiroyli mavzularni ifodalayotgan rasm chizsam, bu kimgadir tasalli berishiga ishonaman.

 

“Har qanday vaqtda odamlar ochiq, rostgoʻy va himoyasiz holatda boʻlsa, ular boshqalarda xuddi shu his-tuygʻularni koʻrishni beixtiyor xohlashadi”

 

Vizual maʼnoda, oʻzaro bogʻlanish gʻoyasi soʻzlar va tasvirlar yordamida bevosita yetkaziladi. Mana nega men aynan bu uslubga tayanaman: odamlar eshitgisi kelgan, ammo negadir ijtimoiy cheklovlar tufayli topish qiyin boʻlgan hikoyalarni ularga soʻzlab berish. Tuygʻular tashqi stimullarga yoʻnaltirilgan javob degan fikr ruhiy ozodlik hissini beradi. Biz oʻzimizni yaxshi yoki yomon deb oʻz haqimizda hukm chiqarishimiz shart emas — biz shunchaki olamda mavjudmiz va shuning oʻzi yetib ortadi.

 

▲ Karissa Potter qizi Margaret bilan

 

Savol: tomoshabinlar odatda bu chuqur shaxsiy oʻlchovlarga qanday munosabatda boʻlishadi?

 

Har qanday vaqtda odamlar ochiq, rostgoʻy va himoyasiz holatda boʻlsa, ular boshqalarda xuddi shu his-tuygʻularni koʻrishni beixtiyor xohlashadi. Men odamlarning yaxshi qirralariga ishonishga harakat qilaman va oʻzim haqimda ham va ular ham oʻzlari haqida shunday fikrda boʻlishlari mumkinligini tushunaman. Ikkala tomon fikri ham birdek qiymatga ega.

 

Shunda kimdir “Men ham shunday oʻylayman”, “Sizning asarlaringizni oʻxshash voqealarni boshdan kechirayotib topib oldim” yoki “Asarlaringiz oʻzimni boricha qabul qilishimga yordam berdi” desa, mening bir qismim oʻzimdan-da katta yutuqqa erishganini his qilaman.

 

“Tasviriy sanʼat asarlari vizual jihatdan qiziqarli boʻlishi uchun ularda qandaydir hissiy bogʻliqlik boʻlishi kerak”

 

Savol: hissiy granulyarlik haqidagi muhokamalaringizda siz aksincha ifoda eta olmaydigan his-tuygʻularni ichingizdan ozod qilish uchun tasviriy sanʼatdan foydalanishni eslatib oʻtgandingiz. Qanday qilib tasviriy sanʼat bu his-tuygʻularni yuzaga chiqaradi?

 

Biz koʻpincha toʻgʻrisoʻz boʻlish yoki savob ish qilishni istaymiz. Biroq bizning niyatlarimiz va harakatlarimizga vaziyat shunchalik taʼsir qiladiki, koʻpincha kutgan natijaga erishish qiyin boʻladi. Tasviriy sanʼat orqali esa odam yaxshi koʻrgan, ammo buni izhor etolmaydigan odamiga ichidagi his-tuygʻularini oson yetkaza oladi. Siz ishongan odam bilan biror narsani ochiqchasiga gaplashish va oʻzaro yaqinlik hissi sezish sizga yengillik bagʻishlaydi.

 

Karissa Potter x Samsung Art Store

 

Savol: “Winter Moon” tasviriy asari oʻtgan qishda Samsung Art Store foydalanuvchilari orasida sevimli suratga aylandi. Mavsumiy asarlaringiz uchun oʻziga xos motivlarni tanlashda sizni nima ilhomlantiradi?

 

Agar “Winter Moon” nima uchun mashhur boʻlganini taxmin qil deyayotgan boʻlsangiz, men rasm sodda boʻlgani uchun deyman. Biz murakkab dunyoda yashayapmiz va oddiy tasvirlar ongimiz uchun dam beradi go‘yo. Tasvir bir vaqtning oʻzida ham tasalli beradi, ham melanxolik tusga ega. Mana nega bu tasvirda meni oʻziga jalb qiladigan neytral hissiy ohang bor. Qish koʻpincha sovuq, qorongʻi va yolgʻizlantiruvchi fasl sifatida tasvirlanadi, ammo bu fasl xavfsizlik va aloqa lahzalarini yaratishi mumkin.

 

▲ “Winter Moon” (2022)

 

Savol: “Bunny Love” va “Flowers for Mom” Samsung Art Store’ning aprel va may oylarida saralangan kolleksiyalarida namoyish etildi. Nima deb oʻylaysiz, nega bu asarlar odamlar tomonidan shunchalik keng qabul qilindi?

 

Qish oxirlar ekan, biz yangi hayotni qidiramiz — energiya, jonlilik va nishonlanadigan hamda umidvor kutib qoladigan imkoniyatlarimiz. “Bunny Love” va “Flowers for Mom” biz orzu qilgan narsalarning vizual tasviri va hayot bizga nimalarni tayyorlab qoʻyganini eslatib turadi. Fazo va vaqtni tushunish uchun mavsumiy marosimlar muhim ahamiyatga ega. Koʻp jihatdan, tasvirlar bizga orzularimiz uchun zamin beradi va bormoqchi boʻlgan joyimizda ekanligimizni koʻrsatib turadi.

 

▲ “Bunny Love” (2024)

 

“Siz ishongan odam bilan biror narsani ochiqchasiga gaplashish va oʻzaro yaqinlik hissi sezish sizga yengillik bagʻishlaydi”

 

Savol: foydalanuvchilarga ularning Frame televizorlariga yana qanday asarlaringizni tavsiya qilgan boʻlardingiz?

 

Depressiyada boʻlgan davrimda oʻsimliklarga qarash menga quvonch keltirishini tushundim. Toʻgʻri, buni hamma bilsa kerak. Lekin, toʻgʻrisi, bu menda yaxshigina ish berardi.

 

“Plant Wall” oq fonda turli xil qora oʻsimliklardan iborat. Ushbu asar mening SFMOMA bilan hamkorligimda vujudga kelgan tasvirlarning bir qismi edi. “A Family of Plants” terrakota idishlaridagi oʻsimliklar oilasi hisoblanadi. “September Bloom” guldastasi bilan oʻtirgan ayolni tasvirlaydi.

 

Men uchun oʻsimliklar mavjudlikning oʻzaro bogʻliqligini anglatadi, ular sizni hayotning murakkabligidan hayratda qoldiradi. Har yerda goʻzallik va hayot bor. Oʻsimliklar bilan boʻlsam, oʻzimni kichik bir jonzotdek his qilaman, ammo ular bilan boʻlish foydali. Baʼzida esa odam oʻzini kichik jonzotdek his qilsa, bundan tasalli olishi mumkin.

 

▲ “Plant Wall” (2020)

 

▲ “A Family of Plants” (2024)

 

▲ “September Bloom” (2023)

 

Raqamli dunyodagi tasviriy sanʼatni kuzatib

 

Savol: tasviriy sanʼatning yaratilishi va tarqalishiga taʼsir qiladigan texnologiya haqida qanday fikrdasiz?

 

Oʻylaymanki, barcha tasviriy sanʼat oʻsha zamonning mavjud texnologiyalari bilan yaratiladi. Lekin bu yomon narsa degani emas! Baʼzida yomon boʻlishi mumkin, ammo bu faqat yetkazilayotgan maʼlumotning boshqacha formati va tushunilishi xolos.

 

Kelajakda nima qanday boʻlishini aniq ayta olmayman, lekin biz rivojlanayotgan texnologiyalar yoki sunʼiy intellektni ishlatayotganda odamzod bilimlaridan qanday qilib bevosita foydalanayotganligimiz haqida oʻylashga undaydi. Bu qaysidir maʼnoda jamoaviy ongni shakllantiradi.

 

Savol: raqamli vositalar ommalashib borayotganligi sababli odamlarning tasviriy sanʼatga boʻlgan munosabati yoki uni qanday talqin qilishidagi oʻzgarishlarni kuzatdingizmi?

 

Men odamlar yaratgan turli xil asarlarni varaqlashni yaxshi koʻraman. Sanʼat maktabida birovning uyiga osib qoʻyish uchun rasm chizish qandaydir soxta narsa edi. Ammo hozirda kimdir biror rasmni yoqtirsa va uni qabul qilsa, bu u uchun qadrga ega.

 

Sanʼat endi ancha demokratik media. Ilgarilari faqat rasmiy muassasalarda mavjud boʻlgan tasviriy sanʼat asarlaridan endilikda oʻz uyingizdan turib bahramand boʻlish mumkin. Sanʼat asarlari bilan vujudingiz bir joyda boʻlsa, ongingiz siz sevgan narsalar va odamlar bilan oʻralgan butunlay boshqa makonda boʻladi.

 

Savol: bundan tashqari yana nimadir qoʻshimcha qilmoqchimisiz?

 

Qoʻmsash hissi haqida suhbatlashmadik, menimcha. Shu kunlar men nega eski buyumlarni saqlab kelishimiz haqida oʻyladim. Mening miyam qiyinchiliklarni eslashga moyil. Evolyutsion nuqtayi nazardan, bu mantiqqa monand. Xavfli narsami, uni bilish va yodda saqlash kerak.

 

Shunday boʻlsa-da, shunday narsalarni yodda saqlashni istardimki, ular nuqul meni oʻlimdan saqlashga xizmat qiladigan, neyron tizimimda saqlanib qoladigan xotiralar boʻlmasa. Yoqimli xotiralar, masalan. Hayotning shirinligini eslatuvchi, odamlar bilan bogʻlanish, shodlikka toʻla damlar va zavqli daqiqalar hali tugamasligini anglash ham muhimdir. Oʻylaymanki, tasviriy sanʼat buni va yana koʻp narsalarni amalga oshira oladi.

 

Tadqiqotlar shuni koʻrsatyaptiki, odamlar hayoti davomida oʻzini his-tuygʻularga chulgʻashdan yiroqlashyapti. Men buni eshitib, qaygʻuga botaman. Rishtalarni oʻrnatish, turli his-tuygʻularni boshdan kechirish va oʻzimni oʻqqa-choʻg‘ga urish shaxsan menga yoqadi. Umid qilamanki, asarlarim odamlarga ularning qalblarida yoki xayolida qolgan soʻzlarni yuzaga chiqarishga imkon beradi.

Qurilmalar > TV va Audio

Mijozlarga xizmat koʻrsatishga aloqador har qanday masala boʻyicha yordam uchun https://www.samsung.com/uz_uz/info/contactus/ ga kiring.
Media fayllar soʻrovi boʻyicha u.nargiza@samsung.com ga kiring.

Samsung haqidagi oxirgi maqolalar bilan tanishing

Batafsil
Yuqoriga