Samsung CES 2026 da ishonch, xavfsizlik va maxfiylik sunʼiy intellekt kelajagini qanday shakllantirishini koʻrib chiqdi
Samsung Tech Forum turkumi CES 2026 da AI Platform Center'ning ishonch va AI kelajagi haqidagi muhokamasi bilan davom etdi
Samsung Electronics CES 2026 dagi Tech Forum turkumi doirasida “Texnologiya ishonchlimi? AI davrida xavfsizlik va maxfiylikni qayta koʻrib chiqish haqida” mavzusida global ekspertlar ishtirokida panel muhokamasini oʻtkazdi. Las Vegasdagi The Wynn mehmonxonasida boʻlib oʻtgan sessiya texnologiya, tadqiqot va etika boʻyicha jahon ekspertlarini bir joyga toʻpladi. Unda insonlarning sunʼiy intellektni qanday qabul qilishi va u bilan oʻzaro munosabatda boʻlishida ishonch eng muhim omillardan biriga aylanib borayotgani muhokama qilindi, chunki AI kundalik hayotimizga tobora uzviy singib bormoqda.
Koʻzga koʻrinmas ongga nisbatan ishonch uygʻotish
AI ehtiyojlarni oldindan sezish, kunni tartibga solish va qurilmalarda mustaqil ishlashni kuchaytirar ekan, panel ishtirokchilari — Open Machine bosh direktori Allie K. Miller, Future Today Strategy Group bosh direktori Amy Webb, ZKAI Advisory global AI maslahatchisi va OpenAI’ning bozorga olib kirish strategiyasi boʻyicha sobiq rahbari Zack Kass hamda Samsung Electronics’ning AI Platform Center (APC) guruhi rahbari Shin Baik ishonch quruq vaʼdalar bilan emas, balki barqaror va tushunarli xatti-harakatlar orqali qozonilishi kerakligini taʼkidladilar.
Sessiyada Samsung oʻzining “trust-by-design” (ishonchga asoslangan dizayn) yondashuvini boʻlishib, foydalanuvchilar uchun oldindan aytib boʻladigan, shaffof va boshqarish oson boʻlgan AI tizimlarining muhimligini taʼkidladi. “AI haqida gap ketganda, foydalanuvchilar shaffoflik va nazoratni qidiradilar, — dedi Allie Miller. — Ular oʻzlarining shaxsiylashtirilgan imkoniyatlari boʻlishni xohlashadi: AI modeli lokal muhitda ishlayaptimi yoki bulutdami — buni tushunishni, maʼlumotlari xavfsiz ekanini bilishni hamda nima AI tomonidan quvvatlanayotgani-yu, nima oddiy ekanini aniq koʻra bilishni istashadi. Bunday shaffoflik ishonchni mustahkamlaydi. Provayderlar zimmasida esa foydalanuvchilar ishonchini oqlash masʼuliyati yotadi, buning uchun ular ishonchning asosiy tarkibiy qismlari: aniqlik, xavfsizlik va javobgarlikka asoslangan shaxsiylashtirilgan imkoniyatlarni yaratishlari kerak”.
Shuningdek, Samsung qurilma ichida ishlovchi AI (on-device AI) shaxsiy maʼlumotlarning imkon qadar lokal muhitda saqlanishiga imkon berishini, bulutga asoslangan intellekt esa yuqori tezlik yoki koʻlam talab qilinganda tanlab ishlatilishi mumkinligini alohida aytdi. Bu foydalanuvchilarga maxfiylikka putur yetkazmasdan moslashuvchanlikni taqdim etadi.
AI boshqaruvidagi dunyo uchun yaratilgan xavfsizlik
Panelda AI telefonlar, televizorlar va maishiy texnikalar boʻylab tarqalar ekan, xavfsizlik ham rivojlanishi kerakligi muhokama qilindi. Sessiyada Samsung oʻzining Knox xavfsizlik platformasini (u hozirda milliardlab qurilmalarni chipset darajasigacha himoya qiladi) hamda qurilmalarga bir-birini autentifikatsiya qilish va himoyalash imkonini beruvchi Knox Matrix oʻzaro xavfsizlik tizimini namoyish etdi.
“AI’ga ishonch vaʼdalar bilan emas, balki isbotlangan xavfsizlikdan boshlanadi, — dedi Shin Baik. — Oʻn yildan ortiq vaqt davomida Samsung Knox maxfiy maʼlumotlarni har bir qatlamda himoya qilish uchun moʻljallangan, chuqur integratsiyalashgan xavfsizlik platformasini taqdim etib kelmoqda. Ammo ishonch birgina qurilma bilan cheklanib qolmasligi kerak, u oʻzini oʻzi himoya qiladigan ekotizimni talab qiladi. Knox yordamida qurilmalar bir-birini doimiy ravishda autentifikatsiya va nazorat qilib boradi, shunda har bir qurilma boshqalari uchun qalqon vazifasini oʻtaydi va foydalanuvchilar tayanishi mumkin boʻlgan bardoshli, xavfsiz muhitni yaratadi”.
Kelajakda chuqurroq ishonch shakllantirish uchun sanoatlararo muloqot
Shin Baik AI qurilmalar boʻylab oldindan aytib boʻladigan va ishonsa boʻladigan xavfsizlik kerakligini taʼkidlab, foydalanuvchilarga ishlash tartibini bilib boʻlmaydigan tizimlarni emas, balki shaffof nazorat lozimligini aytdi. Samsung umumiy xavfsizlik tadqiqotlari, oʻzaro muvofiqlik va butun ekotizim himoyasini kuchaytirish yoʻli sifatida Google va Microsoft kabi sanoat yetakchilari bilan hamkorlik qiladi. Allie Miller esa foydalanuvchilar uchun shaffoflik muhimligini, jumladan, AI modellari qayerda ishlashi, maʼlumotlar qanday ishlatilishi va nima AI tomonidan boshqarilayotganini koʻrsatuvchi aniq belgilar boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Shu bilan birga, Zack Kass notoʻgʻri maʼlumot va AI’ni nooʻrin ishlatish dolzarb muammolar ekanligini, ammo “har bir xavf uchun qarshi chora borligi va texnologiya bu borada AI’ning salbiy tomonlarini yumshatishda hal qiluvchi rol oʻynashini” qoʻshimcha qildi.
Amy Webb ishonch va isteʼmolchilarning xarid odatlari oʻrtasidagi munosabatni baholadi. “Men ular qarorlarni faqat ishonchga asoslanib qabul qiladi deb oʻylamayman, — dedi u. — Odamlar ishonch uchun pul toʻlashmaydi. Ular narsalarni ishonch tufayli sotib olishmaydi. Ular qulaylik uchun sotib olishadi. Shunday ekan, AI’ning bu qismi odamlarni jalb qilsa, demak, u hayotni osonlashtiradi va qulayroq qiladi”.
AI tobora koʻzga koʻrinmas holga kelib borar ekan, panel ishtirokchilari uzoq muddatli ishonchga sazovor boʻladigan texnologiyalar bu boshidanoq xavfsizlik, shaffoflik va foydalanuvchining mazmunli tanlovini ustun qoʻyadigan texnologiyalar boʻladi, degan xulosaga keldilar.



Pressa uchun > Press-relizlar
Korporativ > Texnologiyalar
Agar siz mijoz bo‘lsangiz, iltimos, quyidagi sahifaga o‘ting: samsung.com
OAV va media uchun: sh.khalilova@partner.samsung.com