Samsung keyingi avlod rangi va yangicha dadil dizaynga ega dunyodagi birinchi 130 dyuymli Micro RGB televizorini taqdim etdi
Ilgʻor tasvir samaradorligi bilan debyut qilgan yangi 130 dyuymli Micro RGB televizori yuqori premium displeylar uchun yangi standartni oʻrnatadi
Samsung CES 2026 koʻrgazmasida dunyodagi birinchi 130 dyuymli Micro RGB televizorini (R95H modeli) namoyish etdi. Bu kompaniyaning eng katta Micro RGB displeyining debyuti va yuqori premium displeylar uchun yangicha dadil dizayn yoʻnalishini belgilaydi.
“Micro RGB tasvir sifatida innovatsiyalarimiz choʻqqisini ifodalaydi va yangi 130 dyuymli model bu qarashni yanada ilgari suradi, — dedi Samsung Electronics vizual displey (VD) biznesi ijrochi prezident oʻrinbosari Xun Li. — Oʻn yillar oldin qabul qilingan asl dizayn falsafamiz ruhini qayta tiklash yoʻlida biz yangi avlod uchun yangi texnologiyalar bilan ishlab chiqilgan, shubhasiz yuqori premium darajadagi displeyni taqdim etmoqdamiz”.
Televizor qanday boʻlishi mumkinligini qayta belgilovchi dadil dizayn
Micro RGB televizorining haybatli oʻlchami, keyingi avlod rang texnologiyasi va oʻziga xos dizayn yondashuvi Samsung’ning muhandislik mukammalligini premium estetika bilan birlashtirishdagi uzoq yillik yetakchiligini aks ettiradi. Ajoyib ramka va yaxshilangan audio samaradorlikka ega 130 dyuymli displey televizor boʻlibgina qolmasdan xonani bezatuvchi ulkan deraza kabi koʻrinish berish uchun ham moʻljallangan.
Televizor Timeless Frame (Davr tanlamas ramka) orqali zamonaviy, galereyadan ilhomlangan estetikani taklif etadi. Bu Samsung’ning 2013-yilgi Timeless Gallery dizaynining zamonaviy evolyutsiyasi boʻlib, endilikda “texnologiya sanʼat sifatida” falsafasini oʻzida mujassam etgan takomillashtirilgan ramkaga ega. Ulkan deraza arxitekturasidan ilhomlangan oʻta katta ekran oʻz chegaralari ichida suzib yurgandek koʻrinadi va televizorni xonaga koʻrk beruvchi badiiy markazga aylantiradi. Displey ramkasiga integratsiya qilingan ovoz ekran oʻlchamiga ehtiyotkorlik bilan moslashtirilgan boʻlib, tasvir va audio xonada tabiiy ravishda bogʻlangandek tuyuladi.
Oʻz oʻlchamiga mos keladigan eng yuqori darajadagi tomosha imkoniyatlari
130 dyuymli Micro RGB modeli Samsung’ning shu kungacha yaratilgan eng ilgʻor Micro RGB innovatsiyalarini oʻz ichiga oladi. Micro RGB AI Engine Pro, Micro RGB Color Booster Pro va Micro RGB HDR Pro bilan quvvatlangan ushbu model xira ohanglarni yaxshilash va kontrastni aniqlashtirish uchun AI’dan foydalanadi. U reallik va tasvir aniqligi uchun yorqin va qorongʻi sahnalarda birdek turfa ranglar hamda nozik tafsilotlarni yetkazib beradi.
Displey BT.2020 ranglar spektrining 100 foizini taʼminlovchi Micro RGB Precision Color 100 bilan tasvir sifatini yuksaltiradi. Micro RGB ranglarni aniq takrorlash boʻyicha Verband der Elektrotechnik (VDE) tomonidan sertifikatlangan boʻlib, u ekranda hayotdagi kabi nozik rang-tuslarni ishlab chiqaradi. 130 dyuymli model Samsung’ning xususiy Glare Free (Shuʼlalarsiz) texnologiyasini ham oʻz ichiga oladi. Bu texnologiya eng yaxshi tomosha hissini berishda turli yorugʻlik sharoitlarida ham rang va kontrastning tiniqligini saqlab qolish maqsadida ekran yuzasidag porlashlarni minimallashtiradi.
Mahsulot yaxshilangan tasvir va ovoz sifatini taʼminlash uchun HDR10+ ADVANCED[1] va Eclipsa Audioʻni, shuningdek, suhbatga asoslangan qidiruv, proaktiv tavsiyalar hamda AI Football Mode Pro, AI Sound Controller Pro, Live Translate, Generative Wallpaper, Microsoft Copilot va Perplexity kabi AI funksiyalari va ilovalaridan foydalanish imkonini beruvchi Samsung’ning takomillashtirilgan Vision AI Companion[2] funksiyasini qoʻllab-quvvatlaydi. Oʻz turidagi ushbu displey Nevada shtatining Las Vegas shahrida boʻlib oʻtadigan CES 2026 koʻrgazmasi davomida Samsung koʻrgazma zonasida namoyish etiladi.

[1] Samsung’ning 2026-yilgi televizorlari sanoatda birinchi boʻlib keyingi avlod HDR10+ texnologiyasi — HDR10+ ADVANCED’ni joriy etmoqda.
[2] Funksiya maʼlum mintaqalar va modellarda mavjud. Mavjudlik va qoʻllab-quvvatlanadigan funksiyalar mintaqa va tomosha sharoitlariga qarab farq qilishi mumkin. Ovozli buyruqlar ingliz, fransuz, ispan, portugal, nemis, italyan va koreys tillarini aniqlaydi, ammo barcha aksentlar, dialektlar va iboralar tanilmasligi mumkin. Bu funksiya AI tomonidan yaratilgan kontentni taqdim etadi, aniqlik kafolatlanmaydi, shuning uchun natijalar tasdiqlanishi kerak. Maxsus Bluetooth pulti (TM2660H/TM2661H) talab qilinadi (baʼzi modellarda alohida sotiladi). Baʼzi modellar (M70H/U800H) qutisidagi pult ovozni aniqlashni qoʻllab-quvvatlamaydi. Mobile Quick Remote (Mobil tezkor pult) yoki alohida sotib olingan Bluetooth pulti talab qilinadi. Funksiyadan AI tugmasi yoki AI tugmasi boʻlmagan pultlarda Home tugmasi (uzoq bosib turish orqali) yordamida foydalanish mumkin.
Pressa uchun > Press-relizlar
Korporativ > Texnologiyalar
Qurilmalar > TV va Audio
Qurilmalar > Uy uchun
Agar siz mijoz bo‘lsangiz, iltimos, quyidagi sahifaga o‘ting: samsung.com
OAV va media uchun: sh.khalilova@partner.samsung.com